O‘zbekiston | 20:17 / 21.07.2025
3350
4 daqiqa o‘qiladi

Transafg‘on temiryo‘lining qiymati 4,6 mlrd dollarni, qurilish muddati esa 5 yilni tashkil etishi mumkin

O‘zbekiston tomoni Transafg‘on temiryo‘li qurilishini 6 oy ichida boshlashi mumkin, loyihani amalga oshirish muddati esa 5 yilni tashkil etishi kutilyapti. Birinchi bosqichda yangi temiryo‘l yiliga 3 mln tonnaga yaqin yuk tashish imkoniyatini beradi. 2035−2040 yillarga borib tashish hajmi 15−20 mln tonnagacha o‘sishi prognoz qilinyapti.

Foto: AFP

Joriy yil 17 iyul kuni Kobulda O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston Termiz–Noibobod–Maydonshahr–Logar–Xarlachi yo‘nalishi bo‘yicha temiryo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolagandi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasi tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.

U mazkur koridorni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘l magistralidan keyingi «ikkinchi yirik strategik loyiha» sifatida ta’rifladi.

«Texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuv imzolanishi birinchi va juda muhim qadamdir. Biz bunga ko‘pdan beri intilib, tayyorgarlik ko‘rganmiz. Doiraviy bitimning imzolanishi barcha tomonlarga amaliy qadamlarga o‘tish imkonini beradi. Bular – texnik-iqtisodiy asoslarni batafsil ishlab chiqish, yer va geologiyani o‘rganish, trassalash, iqtisodiy va moliyaviy tahlil. Shuningdek, loyihani nafaqat o‘zimiz, balki butun dunyo hamjamiyati uchun ko‘rsatish va asoslash imkonini beradi», - dedi Choriyev.

Transport vaziri o‘rinbosarining urg‘u berishicha, Eron va Qora dengiz portlariga chiqish imkoniyati mavjud bo‘lishiga qaramay, O‘zbekiston uchun dengizga eng qisqa yo‘l Transafg‘on koridori hisoblanadi, u Pokistondagi Karachi portlariga olib boradi.

Birinchi bosqichda yangi temiryo‘l yiliga 3 mln tonnaga yaqin yuk tashish imkoniyatini beradi. 2035−2040 yillarga borib tashish hajmi 15−20 mln tonnagacha o‘sishi prognoz qilinyapti.

O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temiryo‘lini Termiz–Naybabod–Maydanshahr–Logar–Xarlachi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazish rejalashtirilgan.

«Naybabod stansiyasi Hayraton va Mozori-Sharif o‘rtasida joylashgan. Naybaboddan yo‘nalish sharqqa buriladi, Logar va Xarlachidan o‘tib, Pokiston temiryo‘l tarmog‘iga tutashtiriladi. Pokiston tomonida Xarlachini Ko‘hot bilan bog‘lovchi 143 kmlik uchastka bor. Hozir Pokiston ushbu uchastkada qurilishni boshlagan. U yakunlangandan so‘ng Peshovar, Lahor, Islomobodga yaqin bo‘lamiz. Keyin yo‘l Multon shahriga – yirik o‘rta markazga, u yerdan esa Karachiga olib boradi. Pokiston hozir ushbu yo‘nalishlarda o‘z temiryo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilmoqda», – dedi Choriyev.

O‘zbekiston temiryo‘l qurilishini olti oy ichida boshlashi mumkin, loyihani amalga oshirish muddati esa besh yilni tashkil etishi kutilyapti.

Yo‘lning umumiy uzunligi 647 kilometrni tashkil etadi. 5 million ish o‘rni yaratilishi, Pokistondan O‘zbekistonga yuk tashish muddati 35 kundan 3−5 kungacha qisqarishi kutilmoqda. Dastlabki bahoga ko‘ra, loyiha qiymati 4,6 mlrd dollarni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, birinchi marta 2018 yilda taklif etilgan Transafg‘on temiryo‘li loyihasi O‘zbekistondagi Termiz shahrini Afg‘onistonning Mozori-Sharif va Kobul shaharlari bilan, so‘ngra Pokistonning Peshovar shahri bilan bog‘lashga qaratilgan. Qurilish tugallangach, temiryo‘l Afg‘oniston orqali 700 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilib, Markaziy Osiyo va Arabiston dengizi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri quruqlik yo‘nalishini yaratadi. Loyiha qiymati dastlab 5 mlrd dollarga baholangan, keyinroq bu raqam 7 mlrd dollarga oshirilgandi.

Mavzuga oid