O‘zbekiston | 20:03 / 22.07.2025
1861
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz surishtiruvlaridan so‘ng ishonchnomaga avtomobilni chet elga olib chiqishga oid band kiritish taklif etilmoqda

Avtomobilni boshqarish uchun berilgan ishonchnomada mashinani respublika hududidan olib chiqish huquqi mavjudligi yoki cheklanganlik holati qayd etilishi mumkin. Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu so‘nggi paytlarda O‘zbekistondan mashinalar olib chiqilishi va ularning chet elda sotilishi holatlari ko‘paygani bilan izohlanmoqda.

Foto: Kun.uz

Avtomototransport egalarining huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hujjat Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan. Loyihada avtomototransportlarga nisbatan rasmiylashtirilgan ishonchnomada mazkur avtomototransportlarning respublika hududidan olib chiqish huquqi mavjudligi yoki cheklanganlik holatini qayd etish nazarda tutilgan.

Loyihaga ilova qilingan ma’lumotnomada ishonchnoma asosida avtotransport vositalarini olib chiqib, ularni chet elda sotish holatlari tez-tez uchrayotgani qayd etilgan. Hujjatda keltirilgan statistikaga ko‘ra, 2024 yilda 50 ga yaqin fuqarolarga tegishli transport vositalarining olib chiqilib, qaytarilmagani aniqlangan. 2025 yil iyun oyining o‘zida 8 ta shunday holat qayd etilgan.

Oldinroq Bojxona qo‘mitasi pul evaziga mashinalarni Tojikistonga o‘tkazib bergan shaxslarni fosh qilgandi. Unda 8 nafar shaxs jami 59 ta mashinani haydab, chegara bojxona postlari orqali Tojikistonga o‘tkazib bergani bildirilgan.

Kun.uz mashinalar ishonchnoma asosida chet davlatga olib chiqilib, sotib yuborilayotgani yuzasidan bir nechta surishtiruv e’lon qilgan. Jumladan, o‘tgan yil oxirida Abdulla Abdurasulov ismli shaxs tomonidan ko‘plab odamlar chuv tushirilib, mashinalari Qozog‘istonga o‘tkazilib sotib yuborilgani aniqlangandi. Yaqinda esa shu kabi holat yana takrorlandi: bu safar bir guruh shaxslar odamlarni aldagan holda ularga tegishli avtomobillarni Tojikiston hududiga o‘tkazib, pullab yubordi.

Mavzuga oid