Jahon | 21:43 / 22.07.2025
888
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Rossiya delegatsiyalari shu hafta Istanbulda uchrashishi kutilmoqda

Kreml bo‘lajak muzokaralardan «katta yutuq» kutmaslikka chaqirmoqda.

Foto: Getty Images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan bo‘lajak muzokaralar uchun delegatsiyaga Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov boshchilik qilishini ma’lum qildi.

Zelenskiy o‘z telegram-kanalida Umerov hamda prezident devoni rahbari Andrey Yermak bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Ukraina delegatsiyasi tarkibiga razvedka, Tashqi ishlar vazirligi va prezident idorasi vakillari ham kirishi haqida yozdi. Uning qayd etishicha, Ukraina asirlarni ozod qilish masalasida va «ushbu urushni amalda yakunlash» uchun bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv masalasida «maksimal darajada samarali ishlash»ga tayyor.

«Ukraina hech qachon bu urushni xohlamagan va aynan Rossiya o‘zi boshlagan urushni yakunlashi kerak», – deya ta’kidladi Zelenskiy.

Bundan oldinroq Zelenskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi 23 iyun, chorshanba kuni bo‘lib o‘tishini aytgan edi. Moskvadagilar hali uchrashuv sanasini rasman tasdiqlamadi, TASS davlat axborot agentligi manbasi muzokaralar 24-25 iyul kunlari bo‘lib o‘tishi mumkinligini bildirgan. Bugun Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya hukumati «shu hafta»da muzokaralar o‘tkazilishiga umid qilayotganini aytdi. «Biz tayyor bo‘lishimiz bilanoq, muddatlar bo‘yicha xabar beramiz», – dedi u.

Peskov, shuningdek, muzokaralarning keyingi bosqichidan hech qanday «katta yutuq» kutmaslikka chaqirdi va kelishuv mavzusi «murakkab» ekanini aytdi. «Mo‘jizalar darajasidagi yutuqlarga umid qilishga, albatta, hech qanday sabab yo‘q, buning iloji bo‘lmasa kerak», – dedi Kreml vakili va almashinuvlar bo‘yicha kelishuvlarga erishishni ham «samaradorlik» deb hisoblash mumkinligini ta’kidladi. Peskov Moskva bundan keyin ham o‘z manfaatlarini ta’minlash va «avvalboshidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish» niyatida ekanini qayd etgan.

Rossiya va Ukraina 16 may va 2 iyun kunlari Istanbulda muzokaralarning ikki raundini o‘tkazgandi. Ushbu uchrashuvlar natijasida tomonlar asirlar va yaradorlarni almashish, shuningdek, halok bo‘lgan askarlarning jasadlarini topshirishga kelishib oldi. Bundan tashqari, ikkinchi uchrashuvda Moskva va Kiyev vakillari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z shartlarini bayon qilgan memorandumlarni almashdi.

Iyun oyidagi uchrashuvdan so‘ng muzokara guruhlari tez orada yana uchrashishi taxmin qilingandi, ammo bu amalga oshmadi. Rossiya iyul oyi boshidan beri yangi uchrashuvlar o‘tkazilmagani uchun javobgarlikni Ukrainaga yuklay boshladi. Xususan, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov Moskva iyun oyida muzokaralarning yangi raundining aniq sanasini taklif qilgani, biroq javob olmaganini ta’kidladi

Volodimir Zelenskiy o‘tgan haftada hukumatni iste’foga chiqardi, xususan, may va iyun oylaridagi muzokaralarda ukrain delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Rustem Umerov mudofaa vaziri lavozimini tark etdi. Shundan keyin Zelenskiy Umerovni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi rahbari etib tayinlab, unga Moskva bilan «muzokara trekini faollashtirish» vazifasi qo‘yilganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti 19 iyul kuni Kiyev Moskvaga muzokaralarning yangi raundini o‘tkazish taklifini bildirganini aytdi.

Mavzuga oid