Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bojni iste’molchi to‘lamoqda. Noqonuniy importga zarba iPhone narxlarini oshirdi
O‘zbekiston rasmiylari IMEI-kodlar vositasida telefonlarning noqonuniy importiga zarba berib, budjetga tushumlarni oshirishga erishyapti. Lekin har doimgidek, yuqori bojlar baribir yakuniy iste’molchining gardaniga tushyapti. Kun.uz muxbiri iPhone narxlaridagi o‘zgarishlarni surishtirib, “Malika” savdo majmuasida bo‘ldi.

Muxbirimiz suhbatlashgan sotuvchilar iPhone narxlari oxirgi haftalarda 150-200 dollarga oshganini aytdi.
“Bir oy oldin iPhone 16 Pro Max narxi 1210-1220 dollar bo‘lgan bo‘lsa, bir oy ichida keskin oshib ketdi. Narxlarga 150-200 dollar qo‘shilib, hozir 1310-1350 dollarga chiqdi”, – deydi sotuvchilardan biri.
Do‘kondorlar “imeykaning hisobiga” shunday bo‘layotganini aytadi.
“iPhone 16 narxlari bir oy oldingidan 150-160 dollar farq qilyapti. Puli bor odamga bu sezilmaydi, lekin kambag‘al odam uchun 150 dollar yaxshigina summa”, – deydi boshqa bir savdogar.
“Narx oshishi oxirgi uch hafta, bir oy ichida bo‘ldi. Avvallari bunaqa kunlarda savdomiz yaxshi bo‘lardi, hozir esa, ko‘ryapsiz, savdo yaxshi emas, o‘tiribmiz. Odamlar narxini eshitib, chiqib ketyapti. Qo‘ldan kelgancha tushuntirishga harakat qilyapmiz, lekin ayrimlar xuddi narxni biz o‘zimiz ko‘tarib qo‘ygandek tushunishyapti”, – deydi yana bir sotuvchi.
O‘tgan yili oktyabrdan kuchga kirgan tartibga asosan, agar jismoniy shaxs xorijdan kelayotganida o‘zi bilan SIM-kartali qurilma olib kelayotgan bo‘lsa, bojxonadan o‘tayotib deklaratsiya to‘ldirishi va qurilmaning IMEI-kodlarini ana shu deklaratsiyada ko‘rsatishi kerak. Aks holda, IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishda 30 foizlik boj to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Kun.uz bu tartib haqida xabar berganida, kiritilgan yangilik narxlar oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi. “Malika” savdo majmuasidagi o‘rganishlarimiz bu taxmin to‘g‘ri bo‘lganini ko‘rsatdi.
“Oldin jismoniy shaxs nomidan iPhone olib kirardik, shunga arzon edi. Hozir jismoniy va yuridik shaxslar uchun bir xil bo‘lib qoldi. Qonuniy import haqida so‘radingiz, bizda qonuniy nima bor?” – deydi mikrofonsiz suhbatlashgan sotuvchilardan biri.
Savdogarlarning “imeyka baland bo‘lib ketdi” degan gaplari, aslida boshqa ma’noni beradi. Chunki IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi o‘zgargani yo‘q. Aslida gap telefonlarning noqonuniy kirib kelishiga qarshi IMEI-kodlar vositasida nazorat kuchaytirilgani haqida ketmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, yangi tartib smartfon importi bilan noqonuniy shug‘ullanuvchilarning xarajatlarini oshirgan. Yangi tartibga ko‘ra, xorijga chiqqan vatandosh qaytib kelib, bojxonadan o‘tayotganida yangi olgan smartfonini deklaratsiyalashi kerak. Deklaratsiya qilinmagan taqdirda, qurilmaning IMEI registratsiyasi uchun 30 foiz boj to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Yuqoridagilardan, iPhone'ning noqonuniy importi hajmlari narxni 200 dollargacha oshirib yuboradigan darajada katta ekani ko‘rinadi. Bu esa katta hajmdagi noqonuniy importni yillar davomida to‘xtata olmagan bojxona organlariga nisbatan savollarni keltirib chiqaradi.
Qonuniy import qanchaga tushadi?
Misol sifatida olingan iPhone 16 Pro Max (256 GB) telefonining bojxona qiymati 1200 dollar deb hisoblasak, uni qonuniy olib kirish xarajati quyidagicha bo‘ladi:
- samolyotda kelayotgan jismoniy shaxslar uchun: tovarning 1000 dollarlik limitdan oshiq 200 dollarlik qismiga 30 foiz boj – 60 dollar;
- poyezd yoki avtomobilda kelayotgan jismoniy shaxslar uchun: tovarning 500 dollarlik limitdan oshiq 700 dollarlik qismiga 30 foiz boj – 210 dollar;
- piyoda kirib kelayotgan jismoniy shaxslar uchun: tovarning 300 dollarlik limitdan oshiq 900 dollarlik qismiga 30 foiz boj – 270 dollar;
- rasmiy import qilayotgan yuridik shaxslar uchun: 10 foiz import boji – 120 dollar; 12 foiz QQS – 144 dollar; boj va soliq qo‘shilganda – 264 dollar;
- noqonuniy yo‘l bilan yoki deklaratsiyasiz olib kirilganda: tovar qiymatidan 30 foiz boj – 360 dollar.
Yuqoridagi holatlarning barchasida (jismoniy shaxslar ham, importyorlar ham) qurilmaning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 75 ming so‘mdan, ikkita SIM-kartali teleofn uchun 150 ming so‘m to‘lov qilishi kerak bo‘ladi. Agar jismoniy shaxslar ilk tarmoq hodisasi vaqtidan boshlab 30 kun ichida IMEI-registratsiya qilmasa, to‘lov 75 000 so‘m emas, 93 750 so‘mni tashkil etadi.
Bojxona qo‘mitasi bayonoti
Mavzu yuzasidan 16 iyul kuni Bojxona qo‘mitasi bayonot bergandi.
“Mobil qurilmalarining IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish uchun to‘lov BHMning 20 foizi miqdorida, ya’ni 75 ming so‘mni tashkil qiladi va bu oshirilgani yo‘q. U holda ilgari 30-40 dollar edi, endi 100 dollardan 400 dollargacha oshdi qabilidagi gap-so‘zlar qayerdan paydo bo‘lmoqda? Bu katta ehtimol bilan mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan mobil qurilmalarni sotayotgan shaxslar xaridorlar oldida buni xaspo‘shlash uchun UzIMEI tizimini ro‘kach qilishmoqda”, – deydi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev.
O‘zbekistonga qonuniy yo‘llar bilan import qilingan SIM-kartali qurilmalarning IMEI-kodlari importyor tomonidan allaqachon ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘ladi.
Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, shu yilning o‘zida O‘zbekistonga qiymati 188 mln dollarlik 1 mln 833 ming donadan ortiq telefon rasmiy import qilingan. Shuningdek, qiymati 16,4 mlrd so‘mlik 44 mingdan ortiq telefonni noqonuniy olish kirishga urinishlar aniqlangan.
“Agar telefon noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan bo‘lsa yoki deklaratsiyada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u holda uning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda qurilmaning bojxona qiymatidan 30 foiz miqdorda yagona bojxona to‘lovi undiriladi. Agar siz norasmiy manbalardan sotib olayotgan va tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan telefonning bojxona qiymati, aytaylik, 1000 AQSh dollari bo‘lsa, demak, 300 AQSh dollari miqdorida yagona bojxona to‘lovi to‘langandan keyingina ushbu qurilma UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ya’ni, 30 foizlik bojxona to‘lovini sizga go‘yoki IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish uchun to‘lov tarzida talqin qilishmoqda”, – dedi Husan Tangriyev.
Bojxona qo‘mitasi xorijdan keluvchilarni o‘zi bilan olib kirayotgan mobil qurilmalarni bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishga chaqirdi.
“Bunda qurilmada nechta IMEI-kodlari bo‘lsa, barchasini yozishni unutmang. Aytaylik, yoningizda olib kirayotgan telefonlar soni ikkitadan ko‘p bo‘lsa, “ortiqchasini olib kirish mumkin emas ekan-da” degan fikrga bormang. Siz ularni ham bojxona kirim orderi asosida bojxona to‘lovlarini to‘lagan holda bemalol O‘zbekistonga olib kirishingiz mumkin.
Ikkinchidan, mobil qurilmalarni xarid qilayotganda ularni rasmiy do‘konlardan sotib oling va albatta IMEI-kodlari ro‘yxatga olinganini tekshiring. Agar telefon sotib olayotganingizda, mobil qurilma tizimdan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki bitta SIM-karta uchun o‘tkazilib, elektron SIM-karta uchun ro‘yxatdan o‘tkazilmagan holatlarga duch kelyapsizmi? Demak, bu qurilmalar mamlakatga noqonuniy yo‘llar bilan yoki deklaratsiyalanmagan holda kirib kelgan”, – deyiladi rasmiy bayonotda.
Navbatlar, korrupsiya va yangi cheklov
Bir necha kun oldin Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida telefonlarni deklaratsiyalash uchun navbatlar yuzaga kelgani aks etgan video tarqalgan, Bojxona qo‘mitasi bu navbatlar “qisqa muddatli” bo‘lgani va bartaraf etilganini ma’lum qilgandi.
IMEI-kodlar masalasi qaytadan ko‘tarilgan so‘nggi kunlarda, shuningdek, bu tizimga aloqador korrupsiya ham borligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi. 18 iyul kuni Davlat xavfsizlik xizmati Namangandagi “Uchqo‘rg‘on” postining bojxona inspektori qo‘lga olinganini xabar qildi. Ma’lum qilinishicha, bojxonachi 57 ta iPhone 16 Pro Max telefonini IMEI-kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga har biri uchun 100 dollardan, jami 5700 dollar so‘ragan va shundan 1900 dollarini bo‘lib-bo‘lib, uch kun davomida bank kartasi orqali olgan. Uchinchi kungi tranzaksiyadan keyin, huquq idoralari uni ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 iyuldan boshlab, jismoniy shaxslarning xorijdan shaxsiy ehtiyojlari uchnu bojsiz tovar olib kirishi bo‘yicha yangi cheklov kuchga kirdi. Unga ko‘ra, samolyotda keluvchilar 1000 dollarlik bojsiz limitdan foydalanishi uchun O‘zbekistonni tark etganiga 3 kundan oshgan bo‘lishi kerak. Avtomobilda yoki piyoda (ular uchun limit – 300 dollar) yoxud poyezdda (limit – 500 dollar) keluvchilardan esa limit amal qilishi uchun kamida 2 kun xorijda bo‘lgan bo‘lishi talab etiladi.
Mavzuga oid

21:38 / 22.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?

09:05 / 20.07.2025
“Daraxtlar banki”, Chorvoq bo‘yicha va’dalar va IMEI mashmashalari - hafta dayjesti

20:16 / 18.07.2025
O‘zbekiston Janubiy Koreya bojxonachilariga 6 bosh xizmat itini yetkazdi

12:29 / 18.07.2025