O‘zbekiston | 13:27
3152
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston DXX raisi Afg‘oniston Razvedka xizmati raisi va ichki ishlar vaziri bilan uchrashdi

Kobulda bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaralarida daxlsizlikni saqlash, chegara punktlarida kirish-chiqish rejimini yanada takomillashtirish, narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda terrorizmga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Foto: DXX

22 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Kobul shahrida Afg‘oniston Razvedka xizmati raisi Abdul Haq Vosiq bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar davomida mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Afg‘onistonni xalqaro munosabatlarning to‘laqonli a’zosiga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilayotgani ta’kidlandi.

«Prezidentimizning BMT, ShHT va boshqa nufuzli xalqaro anjumanlarda afg‘on masalasi bo‘yicha yakdil pozitsiyadagi chiqishlari keltirib o‘tildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya, energetika, transport, savdo-sotiq va boshqa yo‘nalishlarda ikki tomonlama muzokaralar faol tarzda davom etmoqda», deyiladi xabarda.

Shuningdek, muloqotda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaralarida daxlsizlikni saqlash, chegara punktlarida kirish-chiqish rejimini yanada takomillashtirish, narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda terrorizmga qarshi kurashish yo‘nalishlarida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, DXX raisi Bahodir Qurbonov 22 iyul kuni Afg‘oniston ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

DXX xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilish maqsadida mamlakatda iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish hamda insonparvarlik yordamlarini davom ettirishga e’tibor qaratilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mazkur uchrashuvlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarni do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik ruhida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Avvalroq O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya Kobul shahrida «Tolibon» Milliy mudofaa vaziri Mulla Muhammad Yoqub bilan uchrashuv o‘tkazgani xabar berilgandi. Suhbatda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistondagi xavfsizlik holati va iqtisodiy taraqqiyotdan mamnun ekanini bildirgan.

Afg‘oniston tomoniga ko‘ra delegatsiyada DXX raisiga uning o‘rinbosarlari Farrux Muxtorov, chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Salimjon Hasanov hamrohlik qilmoqda.

Mavzuga oid