Ayollar dunyosi | 14:49 / 23.07.2025
825
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘lom ozishni istagan ayollar uchun: ishonchli diyetologni qanday tanlash kerak?

Hozirgi kunda sog‘lom ozish nafaqat tashqi ko‘rinish, balki salomatlik, kayfiyat va ish unumdorligi uchun ham muhim vazifaga aylandi. Boshqa tomondan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda turli diyetologlar, “ozdiruvchi kurslar” soni tez ortib, bu sohadagi xizmatlar talab yuqori bo‘lgani sari shov-shuv ham kuchaymoqda. Ammo ularning barchasi ham professional va ishonchli emas, aksariyat takliflar esa salomatlikka xavf tug‘dirishi mumkin.

Foto: shutterstock.com

Xo‘sh, sizda diyetolog maslahatlariga ehtiyojingiz bor. Bu mutaxassisni qanday tanlaysiz yoki kimga ishonasiz? Ushbu tavsiyalarga amal qiling.

1. Rasmiy ta’lim va malakasini tekshiring

Ishonchli diyetolog tibbiy yoki nutritsiologiya sohasida oliy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Uning sertifikatlari, litsenziyalari, qaysi muassasada ta’lim olgani haqida so‘rashdan tortinish kerak emas. Oliy ta’lim haqidagi hujjat bo‘lmasa yoki noaniq manbalardan olgan sertifikatlarga ishonmaslik kerak.

2. Har bir mijozga individual yondashuv

Sog‘lom ozish bu – faqat vazn yo‘qotish emas, balki organizmning umumiy holatini yaxshilash demakdir. Har bir insonning organizmi, gormonal holati, hayot tarzi va stress darajasi turlicha bo‘ladi. Shu sababli ishonchli mutaxassis har bir mijoz uchun alohida parhez rejasi va tavsiyalar tayyorlaydi. Yoppasiga hammaga bir xil tavsiya beradigan «mutaxassis»dan qoching.

3. Tekshiruvlarsiz tavsiya bermaydi

Qon tahlillari, gormonal holat, ichak faoliyati, uyqu va fizik faollik darajasini o‘rganmay turib mutaxassis har qanday parhez yoki preparat tavsiya qilishga haqli emas. Sog‘lom ozish xavfsizlik va samaradorlikka asoslangan bo‘lishi kerak.

4. Reklamalarga uchmang

“3 kunda 5 kg vazn yo‘qoting”, “hech narsa qilmay ozing” kabi va’dalar – bular odatda reklama yoki ishonchsiz mahsulotlarning hayajonga yo‘g‘rilgan reklamasi bo‘lib, ularning asosidagi usullar siz uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Sog‘lom ozish bu – sabr va muntazamlikni talab qiladigan jarayon.

5. Keng profil mutaxassislari bilan hamkorlik

Ishonchli diyetolog psixologlar, fitnes murabbiylar, endokrinologlar va gastroenterologlar bilan hamkorlik qilishi kerak. Bu jarayonda kompleks yondashuv muhim ahamiyatga ega.

6. Salomatlikni birinchi o‘ringa qo‘yadi

Diyetologning maqsadi vaznni tez yo‘qotish emas, balki organizmning sog‘lom, faol va muvozanatda bo‘lishini ta’minlashdir. Har qanday parhez va ozish rejasi bu maqsadga xizmat qilishi kerak.

7. Mijozlar fikri va natijalar

Ishonchli mutaxassis haqidagi fikrlar, tajriba natijalari, mijozlarning holati haqida so‘rash muhim. Ijtimoiy tarmoqlardagi baholar va sharhlar bu borada muhim manba bo‘lishi mumkin.

Sog‘lom ozish bu – juda murakkab va mas’uliyatli jarayon. Faqat tashqi ko‘rinish emas, ruh va salomatlikni mustahkamlashga qaratiladi. Shuning uchun har bir ayol o‘z salomatligini himoya qilish uchun ishonchli, bilimli va malakali diyetologni tanlashi lozim.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Mavzuga oid