Iqtisodiyot | 17:37 / 25.07.2025
4167
4 daqiqa o‘qiladi

3,7 mln so‘mdan 16,2 mln so‘mgacha – O‘zbekistondagi o‘rtacha oyliklar e’lon qilindi

2025 yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi 5 mln 982 ming so‘mni tashkil etdi. Toshkent shahri (10,1 mln so‘m) va Navoiyda (7,5 mln so‘m) eng ko‘p, Qashqadaryo (4,1 mln so‘m) va Surxondaryoda (4,2 mln so‘m) esa kamroq maosh to‘lanyapti. Hududlardagi rasmiy oyliklar o‘rtasidagi tafovut yanada kattalashgan. O‘qituvchi va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati tezlashgan bo‘lsa-da, respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastligicha qolyapti.

Foto: Kun.uz

2025 yil yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 982 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,2 foizga o‘sgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (10 mln 138 ming), Navoiy (7 mln 486 ming) va Toshkent viloyatida (5 mln 674 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 148 ming), Surxondaryo (4 mln 256 ming) va Namangan (4 mln 350 ming) viloyatlarida qayd etilgan.

Oylik maoshlarning eng yuqori o‘sishi Toshkent shahri (+18,8 foiz), Sirdaryo (18 foiz) va Jizzax (18,5 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

Poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi farqi kengayishda davom etmoqda. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqi o‘rtasidagi farq 2,32 dan 2,44 barobarga oshgan.

2020-2023 yillarda yilda eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlardagi tafovutlar:

  • 2020 yilda: (Toshkent/Qashqadaryo). Farq – 96 foiz;
  • 2021 yilda: (Toshkent/Surxondaryo). Farq – 2,03 barobar;
  • 2022 yilda: (Toshkent/Samarqand). Farq – 2,17 barobar;
  • 2023 yilda: (Toshkent/Namangan). Farq – 2,25 barobar.

Birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, sohalar kesimida o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:

  • bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachilik faoliyatida – 16 mln 253 ming so‘m;
  • axborot va aloqa sohasida – 14 mln 785 ming so‘m;
  • tashish va saqlash sohasida – 9 mln 6 ming so‘m;
  • sanoat sohasida – 7 mln 173 ming so‘m;
  • savdo sohasida – 6 mln 701 ming so‘m;
  • qurilish sohasida – 5 mln 888 ming so‘m;
  • san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 5 mln 37 ming so‘m;
  • yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 4 mln 592 ming so‘m;
  • ta’lim sohasida – 4 mln 142 ming so‘m;
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3 mln 697 ming so‘m.

Sohalar kesimida ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati san’at, ko‘ngil ochish va dam olish (+20,7 foiz), ta’lim (+18,3 foiz) va axborot va aloqa (+17 foiz) sohalarida kuzatilgan.

O‘qituvchi va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati tezlashgan bo‘lsa-da, respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan (mos ravishda 31, 8 foiz va 38,2 foizga) pastligicha qolyapti. Buning ortidan ushbu sohalardagi ish haqi va respublika darajasi o‘rtasidagi tafovut ortdi. Shuningdek, birinchi chorakka nisbatan qurilish hamda yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida oylik daromadlar kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar 10 foizga oshgandi, 1 avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori ham 10 foizga oshiriladi.

Mavzuga oid