O‘zbekiston | 12:06 / 25.07.2025
2525
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 52 metrli "Tsivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori" yaratilmoqda

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi "Tsivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori" bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press tur tashkil etdi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan "Tsivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori" uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.

Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralar ustida 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon mehnat qilmoqda.

San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan.

Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. 

Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan "Balx qurultoyi" miniatyurasi joylashtirilgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. 

Mavzuga oid