Jahon | 23:31 / 25.07.2025
4887
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan Zelenskiy uchrashishini ma’lum qildi

Oq uy rahbari Putin va Zelenskiy muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun nima bo‘lishi kerak, degan savolga shunday javob berdi.

Foto: The Washington Post

AQSh prezidenti Donald Trampning rossiyalik va ukrainalik hamkasblari Vladimir Putin va Volodimir Zelenskiy bilan uchtomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Tramp jurnalistlar bilan suhbatda bunga ishonch bildirdi.

«Bu sodir bo‘ladi. Ammo bu uchrashuv uch oy oldin bo‘lib o‘tishi kerak edi», dedi AQSh prezidenti.

Shu tariqa Tramp Putin va Zelenskiy muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun nima bo‘lishi kerak, degan savolga javob berdi.

Tramp Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi ikkilamchi sanksiyalar kiritishiga to‘g‘ri kelishini tan oldi. «Ehtimol», dedi u, Vashington buni mojaroni hal qilishda oldinga siljishga erishish uchun 50 kunlik muhlat tugashidan oldin amalga oshiradi.

Tramp bu ultimatumni 14 iyul kuni qo‘ygandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukrainadagi mojaroni hal qilishda oldinga siljish bo‘lmasa, AQSh Moskva va uning hamkorlariga qarshi 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy qiladi. Kreml Trampning so‘zlarini «juda jiddiy» deb atadi va ularni tahlil qilishga va’da berdi.

Rossiya va Ukraina prezidentlari uchrashuvini Kiyev ham talab qilmoqda. Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov 23 iyul kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning uchinchi raundi yakunlari bo‘yicha Kiyev Moskvaga avgust oyi oxirigacha oliy darajadagi uchrashuvni o‘tkazishni va unda Turkiya va AQSh prezidentlari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Donald Tramp ishtirok etishini taklif qilganini aytdi.

Rossiya muzokaralar guruhi rahbari Vladimir Medinskiyning aytishicha, bunday uchrashuv kelishuvni muhokama qilish uchun emas, balki «urushga nuqta qo‘yish» uchungina o‘tkazilishi mumkin. Kremlda ham xuddi shunday fikr bildirildi. Bunday murakkab jarayon tezda yakunlanishi mumkin emas, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Mavzuga oid