Jahon | 09:20 / 25.07.2025
1779
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Yaponiya bilan yirik savdo bitimini e’lon qildi

Vashington va Tokio savdo kelishuvini e’lon qildi. AQSh Yaponiya tovarlariga 15 foizlik bojlar joriy qilmoqda. Avvalroq Donald Tramp 25 foizlik bojlar joriy etish bilan tahdid qilgandi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp Yaponiya bilan bojxona to‘lovlari bo‘yicha kelishmovchilikni e’lon qildi, unga ko‘ra yapon tovarlariga boj 15 foizni tashkil etadi. Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida: «Biz Yaponiya bilan hozirgina katta kelishuvga erishdik», deb yozdi va bu «ehtimol, hozirgacha tuzilgan eng yirik bitim» ekanini ta’kidladi.

Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba, o‘z navbatida, yapon avtomobillariga qo‘shimcha bojlar 27,5 foizdan 15 foizga tushirilganini tasdiqladi. Tokio «AQShga 15 foizlik boj to‘laydi», deb yozdi AQSh prezidenti Truth Social'da.

Tramp o‘z xabarida, shuningdek, «uning ko‘rsatmasi bo‘yicha» Yaponiyaning Qo‘shma Shtatlarga 550 milliard dollar sarmoya kiritishi bo‘yicha kelishuvga erishilgani, foydaning 90 foizi AQShda qolishi haqida ma’lum qilgan. Tramp sarmoya rejasi haqida batafsil ma’lumot bermadi, faqat kelishuv «yuz minglab ish o‘rinlari» yaratilishiga olib kelishini aytdi.

Bundan tashqari, Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya «turli tovarlar, jumladan, yengil va yuk mashinalari, guruch va boshqa ba’zi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun o‘z bozorini ochadi». Guruch importi Yaponiyada nozik masala bo‘lib, Ishiba hukumati avvalroq bu masala bo‘yicha har qanday imtiyozlarni istisno qilgan edi.

Mavzuga oid