Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘rmon yong‘inlari havo isiyotgani bilan bog‘liqmi? Ularning oldini olish choralari mavjudmi?
So‘nggi kunlarda o‘rmon va adirliklarda yong‘inlar yuz bermoqda. Ba’zi hollarda ularni o‘chirish ham juda qiyin kechmoqda. Bu holat qay darajada ob-havodagi o‘zgarishlar — odatdan tashqari davomli issiqlik, tog‘ hududlarida yomg‘ir yog‘masligi bilan bog‘liq? Yong‘in xavfini oldindan bashorat qilish va uning oldini olish uchun davlat idoralari qanday choralar ko‘rishi kerak? Holatni iqlimshunos Erkin Abdulahatov tahlil qiladi.

Oxirgi kunlarda O‘zbekistonning ko‘plab tog‘li hududlarida o‘rmon yong‘inlari yuz berayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Turkiya yoki Yevropa mamlakatlaridagi kabi yirik o‘rmon yong‘inlari bizda nisbatan kam uchraydi. Ammo umumiy maydonimizning atigi 7–8 foizini tashkil etuvchi o‘rmonlarimiz shunday yong‘inlar tufayli yo‘q bo‘lmoqda.
Dunyo amaliyotida o‘rmon yong‘inlarini oldindan bashorat qilish mexanizmi yaratilgan. Chunki bunday yong‘inlar, odatda, uzoq muddat yog‘ingarchilik kuzatilmasligi, haroratning muttasil +35 darajadan yuqori bo‘lishi, turli atmosfera jarayonlari va shamol tezligi bilan uzviy bog‘liq. Hozirgi kunda ob-havodagi bunday o‘zgarishlarni yuqori aniqlikda oldindan prognoz qilish imkoniyati mavjud.
Rossiya va Qozog‘istonda tog‘ va yaylovlarda yong‘inlar yuzaga kelish xavfi haqidagi ma’lumotlar muntazam ravishda ob-havo byurolari tomonidan taqdim etib boriladi. Masalan, yaqin 24 soatda Qazgidromet Qozog‘istonning markaziy va janubiy viloyatlaridagi bir nechta tumanlarda o‘rmon va yaylov yong‘inlarining “qizil” xavf darajasini e’lon qilgan.
So‘nggi kunlarda mamlakatimizda kuzatilgan yuqori harorat (termal issiqlik) jarayoni natijasida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Ko‘hitang tog‘lari va Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori dambasi tepasida joylashgan hududdagi o‘rmon yondi. Yong‘inni o‘chirishga Mudofaa vazirligi vertolyotlari ham jalb etildi. O‘rmon yong‘ini hozirda to‘liq bartaraf etilgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida yong‘in maydoni katta emasligi ko‘rinib turibdi.
Sherobod tumanida davom etayotgan o‘rmon yong‘inlarini nazorat ostiga olish esa qiyin kechmoqda. Masalan, 23 iyul kuni alanga olgan va o‘chirilgan yong‘in 24 iyul kuni tushdan so‘ng yana qayta yondi. Bu holat sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham aniq ko‘ringan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in 24 iyulga o‘tar kechasi soat 00:35 da Surxondaryo viloyat FVB tomonidan to‘liq o‘chirilgan.
Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga qaraganda, hozirda Surxon qo‘riqxonasi hududida yong‘in maydoni taxminan 900 gektarga yaqinlashgan.
Kelayotgan kunlarda harorat biroz pasayishi kutilsa-da, shamol kuchayishi bilan bog‘liq xavf tufayli mamlakatimizning ko‘plab hududlarida yong‘in chiqish ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Bunday sharoitda “O‘zgidromet” tomonidan yong‘in xavfiga doir aniq va manzilli ogohlantirish tizimini ishlab chiqish muhim. Hukumat tuzilmalari esa ushbu prognozlar asosida tegishli kuch tuzilmalarini shay holatga keltirishi lozim. Yong‘in yuz bergan taqdirda uni tezkor bartaraf etish, o‘rmonlarning turli nuqtalarini nazorat qiluvchi kuzatuv kameralarini o‘rnatish, yong‘inni o‘chirishda suv manbalaridan samarali foydalanish kabi choralar ko‘rish maqsadga muvofiq.
Shundoq ham yashillikni ko‘paytirishni ustuvor maqsad qilib olgan bir paytda, bunday yong‘inlar amaliy ishlarimizning natijasini yo‘qqa chiqarishi mumkin.
Mavzuga oid

15:11 / 26.07.2025
Yakkasaroy tumanidagi yong‘inda yettita archa daraxti yonib ketdi

12:45 / 25.07.2025
“Surxondaryoning “o‘pkasi” yonib ketyapti” – Sheroboddagi yong‘in davom etayotgani ma’lum bo‘ldi

21:48 / 24.07.2025
Bo‘stonliq tog‘laridagi yong‘in qariyb 7 soatda o‘chirildi

20:03 / 24.07.2025