Jahon | 23:26 / 28.07.2025
1446
2 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgda xorijliklarga 2025 yil oxirigacha taksi haydovchisi bo‘lib ishlash taqiqlandi

Taqiq rossiyaliklarni «ishga joylashtirish uchun imkoniyatlar yaratish» bilan izohlangan.

Foto: TASS

Sankt-Peterburg ma’muriyati chet el fuqarolariga 2025 yil oxirigacha taksi haydovchisi bo‘lib ishlashni taqiqladi, deb xabar berdi Meduza.

Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov patent bo‘yicha ishlayotgan chet el fuqarolarini yil oxirigacha «yengil taksi va haydovchisi bo‘lgan ijaraga olingan yengil avtomobillar» sohasi uchun yollashni taqiqlovchi hujjatni imzoladi, deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Chet elliklar ishlayotgan kompaniyalar uchun uch oylik o‘tish davri joriy etildi, «bu davrda ular amaldagi mehnat munosabatlarini tugatishi va yangi ishchilarni jalb qilishi mumkin».

Qaror 10 kundan keyin, 7 avgustda kuchga kiradi.

«Qaror taksi sohasidagi xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan», deb ma’lum qildi shahar ma’muriyati.

Rasmiylarning fikricha, 2025 yil oxirigacha taqiqning joriy etilishi «uning shahar hayotiga ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini» baholash va 2026 yilda bunday choralarni qo‘llash zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilish imkonini beradi.

Sankt-Peterburg hukumati taqiqni bir necha oy muhokama qildi. Dastlab ular 1 iyuldan boshlab chet el fuqarolariga kuriyer bo‘lib ishlashni taqiqlash va cheklovlar joriy etishni rejalashtirgan edi.

Rossiya hududlari rasmiylari 2015 yildan boshlab migrantlarning ishlashiga turli cheklovlar kiritmoqda. Oxirgi yil ichida chet elliklarning taksilarda ishlashiga kamida Tatariston, Kamchatka va Omsk viloyatida taqiq qo‘yildi.

Mavzuga oid