Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Niderlandiya Isroilning genotsidga da’vat qiluvchi vazirlarini «qora ro‘yxat»ga kiritdi
Niderlandiya hukumati Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va moliya vaziri Betsalel Smotrichga mamlakatga kirishni taqiqladi. Binyamin Netanyahu koalitsiyasidagi ushbu markaziy shaxslar G‘azo sektorini «etnik tozalash» bilan tahdid qilgani uchun ko‘plab davlatlar tomonidan «persona non grata» deb e’lon qilingan.

Itamar Ben-Gvir (chapda) va Betsalel Smotrich / Foto: EPA
Niderlandiya hukumati ushbu ikki vazirga ekstremistik faoliyati uchun sanksiyalar joriy qilish, ularni nomaqbul shaxslar ro‘yxatiga kiritish qarorini qabul qildi. Bu esa ularning Niderlandiyaga kirishini taqiqlaydi.
«Ular bundan buyon Niderlandiyaga kira olmaydi», - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Niderlandiya, shuningdek, Yevropa Ittifoqi darajasida Isroil bilan assotsiatsiyalashgan bitimning savdo qismini to‘xtatib turishni taklif qiladi. Tashqi ishlar vaziri Veldkampning ma’lum qilishicha, Niderlandiya Isroilga harbiy maqsadlardagi mahsulotlar eksportini cheklaydi, buning uchun bir nechta litsenziyalar bekor qilinadi.
Shuningdek, Niderlandiya G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami sifatida BMT yordam xizmatlari idorasiga 1,5 million yevro, Qizil Xochga esa qo‘shimcha 3 million yevro ajratadi.
Rasmiy bayonotda aytilishicha, Smotrich va Ben-Gvir muntazam ravishda falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikni targ‘ib qilib kelgan, noqonuniy yahudiy posyolkalarini kengaytirishni yoqlagan va G‘azoda «etnik tozalash»ni talab qilgan.
Xususan, Smotrich G‘arbiy sohildagi yahudiy posyolkalari kengaytirilishini ma’qullagan va G‘azoga insonparvarlik yordamini kiritishga qat’iy qarshi chiqqan. U 2024 yil may oyida: «Urush zonasi – G‘azoga bir dona g‘alla ham kiritilmaydi», - degan edi.
The Guardian nashrining yozishicha, 6 may kuni Smotrich quyidagicha bayonot bergan: «G‘azo to‘liq vayron qilinadi. Tinch aholi janubdagi insonparvarlik zonasiga yuboriladi – u yerda HAMAS va terror yo‘q bo‘ladi va ular u yerdan boshlab ommaviy ravishda uchinchi mamlakatlarga ko‘chib ketadi».
Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir esa G‘arbiy Sohilda yashovchi ashaddiy yahudiy posyolkachilaridan biri bo‘lib, Isroildagi barcha arab fuqarolarini chiqarib yuborishni ilgari surgan. U Netanyahu koalitsiyasining ajralmas qismiga aylangan va G‘azodagi urush tugatilsa, hukumatdan chiqishini ochiq aytgan.
Bundan tashqari, Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp mamlakatdagi Isroil elchisi Modi Efrayimni chaqirib, rasmiy norozilik bildirishi hamda Netanyahu hukumatini «kursni o‘zgartirishga» chaqiradi. Shuningdek, Kasper Isroildan xalqaro gumanitar huquqqa rioya qilishni eslatadi.
Bir necha hafta avval Sloveniya ham Isroilning ikki nafar o‘ta o‘ng qanotdagi vazirlarini — Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichni «persona non grata» deb e’lon qilgandi. Isroil milliy xavfsizlik va moliya vazirlarining ikkalasi ham «genotsidga da’vat qiluvchi bayonotlar» berganlikda ayblanmoqda.
2024 yilda Buyuk Britaniya, Norvegiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanada ham ayni ikki isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qilgan, ularni falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikni qo‘zg‘atganlikda ayblagandi.
Bundan tashqari, Xalqaro jinoiy sud 2023 yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar yuzasidan hibsga olish bo‘yicha chiqarilgan orderlarini kuchida qoldirmoqda.
Mavzuga oid

22:46 / 29.07.2025
Isroil G‘azodagi vaziyatni o‘nglamasa, Britaniya Falastin davlatini tan oladi

21:22 / 29.07.2025
HAMASga ta’siri eng kuchli davlatlar qaysilar?

17:23 / 29.07.2025
G‘azoda ocharchilik boshlanmoqda – IPC hisoboti

14:30 / 29.07.2025