Jahon | 15:00 / 29.07.2025
2137
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda suv toshqinlari oqibatida 30 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Shaharda bir hafta ichida yillik yog‘ingarchilik normasi yog‘ib bo‘ldi.

Foto: The Guardian

Xitoy poytaxti Pekin shahrida kuchli yomg‘irlar oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi. Reuters agentligiga ko‘ra, shundan 28 qurbon Miyun tumanida, yana ikki nafari Yansinda qayd etilgan.

Dushanba kuni kechqurun Pekindagi suv toshqinlariga qarshi kurash bo‘yicha munitsipal shtab suv toshqinlari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarga reaksiya ko‘rsatishning eng yuqori darajasini faollashtirdi.

Yomg‘irlar tufayli Pekinda 80 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan. Yuzlab aviareyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan, yog‘inlar temiryo‘l faoliyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatgan. 130 dan ortiq qishloqda yo‘llar shikastlangan, elektr energiyasi ta’minoti uzilgan.

Kuchli yomg‘irlar 23 iyul kuni boshlanib, 28 iyul kuni Pekin va unga tutash hududlarda eng yuqori cho‘qqisiga yetdi, Miyun tumanida 573,5 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatildi. Mahalliy OAV buni «o‘ta halokatli» daraja deb atadi. Pekinda o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 600 millimetr atrofidani tashkil etadi. Yog‘ingarchilikning katta qismi Pekinning Buyuk Xitoy devori yaqinidagi tog‘li shimoliy qismiga to‘g‘ri kelgan.

Avvalroq XXR raisi Si Jinping suv toshqinlari vaqtida odamlar hayoti va mol-mulki xavfsizligini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirgandi.

Mavzuga oid