Jahon | 13:55 / 29.07.2025
1629
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy poytaxtida kuchli yomg‘ir oqibatida 30 kishi halok bo‘ldi

Xitoy poytaxti Pekin shahrida so‘nggi kunlarda yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir 30 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Foto: Sinxua

"Sinxua" axborot agentligi Pekin shahar suv toshqini nazorati shtabiga tayanib xabar berishicha, Xitoy poytaxtining shimoliy hududlarida halok bo‘lganlar qayd etilgan. Xususan, Miyun tumanida 28 kishi, Yansin tumanida 2 kishi halok bo‘lgan.

Shahar bo‘ylab jami 80 332 kishi suv sathining ko‘tarilishi sababli evakuatsiya qilindi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, yog‘ingarchilikning maksimal miqdori Miyun tumanida 543,4 mmga yetgan.

Kuchli yomg‘ir 31 ta yo‘l uchastkasiga zarar yetkazdi va 136 qishloqda elektr ta’minotida uzilishlarga olib keldi.

So‘nggi kunlarda Miyun va poytaxtning boshqa hududlarida subtropik antitsiklon chetidan issiq va nam havo ta’sirida yuzaga kelgan ekstremal va kuchli hodisalar qayd etildi.

Rasmiylar aholi va mehmonlarni daryolar hamda tez oqadigan suv havzalaridan uzoqda bo‘lish va shaxsiy xavfsizlik choralariga rioya qilishga undadi.

Mavjud vaziyat munosabati bilan Xitoy raisi Si Jinping mamlakatning ayrim hududlarida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari va geologik ofatlarga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda odamlar hayoti va mulki xavfsizligini ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi.

Mavzuga oid