O‘zbekiston | 18:32 / 30.07.2025
2495
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda O‘zbekiston aeroportlari va samolyotlari sahnida 5 kishi vafot etdi

Shuningdek, tibbiy sabablarga ko‘ra, 61 yo‘lovchiga parvoz qilishga ruxsat berilmadi. Uzbeksitan Airports parvoz uchun xavfli bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatini keltirdi.

Foto: Uzbekistan Airports

2024 yilda O‘zbekiston aeroportlarida 46 nafar yo‘lovchi sog‘lig‘i sababli parvozga qo‘yilmadi. Joriy yilning 6 oyida esa 61 yo‘lovchiga parvoz qilishga ruxsat berilmadi. Bu haqda Uzbeksitan Airports xabarida aytiladi.

Agar sizda o‘tkir yoki surunkali kasalliklar mavjud bo‘lsa, parvozlar salomatlik uchun ehtimoliy xavf tug‘dirishi mumkin. Qayd qilinishicha, bosimning o‘zgarishi, harakatning cheklanganligi va boshqa parvoz xususiyatlari yo‘lovchi holatini og‘irlashtirishi mumkin, shuning uchun ba’zi tibbiy ko‘rsatmalar bilan parvoz xavfli bo‘lishi va ayrim hollarda yo‘lovchi reysdan olinishi mumkin.

«Noxush holatlarning aksariyati parvoz vaqtida ro‘y beradi, shu bois yo‘lovchilar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan bilishi va havo qatnoviga qarshi ko‘rsatmalarni inobatga olishi zarur. Shunday qilib, 2024 yilda 14 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, ulardan 11 tasi samolyot bortida, 3 tasi Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida sodir bo‘lgan. 2025 yilning hozirgi kuniga qadar 5 ta o‘lim holati qayd etilgan va ularning barchasi manzilga yetib borgunga qadar samolyot sahnida ro‘y bergan», dedi Uzbekistan Airports tibbiy xizmatni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sevara Salixova.

Ta’kidlanishicha, uchishga qarshi asosiy tibbiy ko‘rsatmalar quyidagilar:

- yaqin orada o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyalari;

- o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari (masalan, yurak xuruji, beqaror stenokardiya);

- insult va boshqa o‘tkir nevrologik holatlar;

- Pnevmotoraks, og‘ir bronxial astma, pnevmoniya;

- tromboemboliya, faol qon ketish, og‘ir anemiya;

- quloq, burun bo‘shliqlari va ko‘zlarning barotravmasi;

- homiladorlikning so‘nggi bosqichlari, ayniqsa og‘ir asoratlar bo‘lsa.

Uchish mumkin bo‘lmagan holatlarning to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Ta’kidlanishicha, tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha qo‘yiladigan talablar turli xil aviakompaniyalarda bir-biridan farq qilishi mumkin. Ba’zi hollarda, aviatashuvchi shifokor ma’lumotnomasini talab qilish huquqiga ega - masalan, beqaror tashxislar, kislorod bilan qo‘llab-quvvatlash zarurati, tibbiy nazorat yoki homiladorlikning so‘nggi bosqichlarida.

Shu bois, parvoz oldidan aviakompaniya qoidalari bilan tanishish, shifokor bilan maslahatlashish, agar kerak bo‘lsa, oldindan tibbiy ma’lumotnoma olish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid