“Har bir ona ichida bir ijodkor yashaydi” - dekretda o‘tirib, noodatiy va qiziqarli biznesini yuritayotgan Marjona hikoyasi
Shunday ayollar borki, onalikdek mashaqqatli vazifa qatorida o‘z qo‘li bilan go‘zallik yaratadi, uni ijtimoiy tarmoqlarda sotadi, daromad topadi, kichik biznesini san’at darajasiga olib chiqadi. Kun.uz'ning shunday qahramonlaridan biri – uyda o‘tirib bolalar albomlari biznesini yo‘lga qo‘ygan va bundan daromad olayotgan – Marjona Qodirova. U dekretda qanday bu ishni amallagani, biznesidagi yutuqlari, qiyinchiliklar, balansni qanday ushlagani haqida gapirib berdi.

Kun.uz dekretda o‘tirib, noodatiy va qiziqarli biznesini yuritayotgan uch qahramon ayol bilan suhbatlashdi. Tadbirkor onalarning hikoyalari shu qadar rang-barang va qiziqarli-ki, biz ularning har birini alohida e’lon qlishga qaror qildik. Birinchi qahramonimiz – Marjona Qodirova,“Jijina” brendi asoschisi, grafik dizayner va fotograf. 27 yoshda, 2 farzandning onasi.
“Farzandlarimga g‘amxo‘rlik qilish bilan birga, kichik biznesim orqali ko‘plab oilalarga xursandchilik ulashyapman”
Jijina.uz brendi 2021 yilda qizim bilan birga dunyoga kelgan. Loyihaga start berilganida asosiy g‘oyamiz faqat bolalar albomlarini shaxsiylashtirilgan dizaynlarda yaratish bo‘lgan, vaqt o‘tib esa, ota-ona ava bolalar o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashga qaratilgan g‘oyalar tug‘ildi va ular hozirda jarayonda.
Jijina.uz brendi albomlaridan tashqari bolalar uchun boshqa turli esdalik buyumlar, “Jijina Story Box” – bolaning ilk ashyolarini saqlab beruvchi qutilar, “ Inkless Print Wipe ” –chaqaloqligidan qo‘l, oyoq izlarini xavfsiz tushirish uchun vositalar, salomatlik kartalari, fotokartalar va boshqa turli xotiralarni saqlash uchun maxsulotlardan iborat. Bundan tashqari homiladorlikni yaxshi va qiziqarli o‘tkazish uchun ginekolog bilan birgalikda homiladorlik albomlari ustida ham ishlayapmiz. Ota-ona farzandlar o‘rtasida ko‘plab o‘yin tarzida o‘tkaziladigan suhbatlar uchun ham kartalar ishlab chiqaryapmiz.
“Bolalik xotiralarini muhrlashi uchun dunyodagi barcha jijinalarga shu nomni tanladim”
Birinchi farzandimga homiladorligimda menda shunday istak bo‘lgan, farzandimning tug‘ilishi, tug‘ilishgacha bo‘lgan davri, uning ilklari (ilk tabassumi, ilk qadamlari, ilk tishchasi chiqishi, ilk yutuqlari)ni xotira sifatida saqlab qolish.
Shu istak ta’sirida qizim uchun xayolimdagi albomni yaratdim. O‘zim grafik dizayner bo‘lganim uchun albom dizaynini o‘zim qildim. Lekin qiynalgan joylarimda, g‘alizliklarni tuzata olmaganimda oilam, ayniqsa dadam va opam katta yordam berishdi. Ularga tayyor bo‘lgan sahifalarni yuborardim, ular esa menga xato va kamchiliklarini aytishardi. Shu tariqa albom tayyor bo‘lgach, o‘ylab qoldim. Nega bu albom faqat mening qizimda bo‘lishi kerak? Boshqa bolalar ham ulg‘aygach bolalik xotiralari haqida bilishni istashadi-ku va ularning onalarining ham farzandining go‘zal onlarini, ulg‘ayishini xotiralarga muhrlashga ehtiyoji bor-ku. Keyin ozgina izlandim. Bu borada bozor qanday deb, bozor bo‘m-bo‘sh edi. O‘zbek tilida bunday albomlar yo‘q, faqat rus tilida mavjud bo‘lib, ular ham qimmat edi. Shunda o‘zimga, nega men bu bo‘shliqni to‘ldirmasligim kerak dedim va shu tariqa hayotimda yangi sahifa ochilayotgan pallada Jijina.uz brendi yuzaga keldi. Brendni bu nom bilan atashimga sabab, akam menga doim “hoy jijina” deb murojaat qilardi va bu menga yoqardi. Nom tanlashga kelganda hech o‘ylab o‘tirmadim va dunyodagi barcha jijilar uchun shu nomni tanladim.
Ishimda uzoq yillar davomida xotiralarni o‘zida saqlashini hisobga olgan holda faqat premium materiallardan foydalaniladi. Qalin, toza teksturali qozg‘ozlar tanlanadi va zamonaviy uslubdagi, talablarga javob bera oladigan bosmaxona tanlanadi.
Bu esa ba’zan nega qimmat degan savolni keltirib chiqarsa, ba’zida bu bunchalik arzon bo‘lishi mumkin emas-ku degan gaplarni ham eshitamiz.
“Dekretda o‘zimni topdim”
Dekretdagi holat boshida menga og‘ir tuyildi. O‘zimni hamma narsadan cheklab qo‘yilganday his qilardim...
Lekin aynan shu muhit insonga ichki ovozini eshitish, nima istayotganini tushunish imkonini beradi. E’tibor bergan bo‘lsangiz ko‘pchilik ayollar dekret paytida o‘zini topadi haqiqatdanam.
Eng avvalo qalbga yaqin bo‘lishiga ahamiyat berdim. Har bir sahifa hissiyotga to‘yinishi va albatta estetik jihatdan ham chiroyli ko‘rinishi kerak edi. Sahifalarga faqat dizayn qilibgina qolmasdan turli ajoyib savollar bilan onalarga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatishga harakat qildim.

Dizayn boshidan oxirigacha o‘zimga tegishli. Ijodiy jarayon men uchun shaxsiy hududdek gap.
Lekin boshqa texnik jarayonlarda yordamga tayanaman. Masalan chop etadigan tipografiyalar bilan ishlaymiz. Yetkazib berish jarayonlari va boshqa shunga o‘xshash ishlarda ko‘proq turmush o‘rtog‘im ko‘maklashadi, hatto ijodga sho‘ng‘ib ketganimda farzandlarimni menga yaqin keltirmay o‘ynatib turishga harakat qiladi.  Buning uchun undan juda minnatdorman. Jamoaga keladigan bo‘lsak, bu brendning asoschisi ham, sotuv menejeri ham, smm menejer, kontentmeyker, marketologi ham o‘zimman.
“Eng qiyini – vaqt va balansni ushlash”
Har bir sahifa bu har bir onaning hissiyotlari demakdir. Boshida qanday qilib hissiyotlarni umumlashtirib ifodalashni bilmasdim va qiynalardim. Bolalarda kuzatiladigan har bir o‘zgarishni o‘rganish va uni sahifaga tushirish ham biroz vaqt oldi. Lekin yuqorida aytganimdek oilam ko‘magi bilan uddaladik.
Eng katta qiyinchilik bu, hamma onalar yaxshi tushunadi, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash. Balansni saqlash. Uyda kichik yoshdagi bolalar bilan birga ishlash oson emas, bolalar uxlashini kutasiz, keyin dizayn qila olasiz, bundan tashqari buyurtmalarga yetishish, ijtimoiy tarmoqlarni yuritish stressi. Bu katta bosim berib qo‘yadi. Lekin boshlash nuqtamga qaraganimda, hech nimani bilmagan, kamgina bilimi bilan shu ishni boshlashda o‘zida kuch topgan o‘zimni ko‘raman. Hozir bu bosib o‘tilgan yo‘lga qarab bu qiyin yo‘l meni shu darajaga olib kelganini anglayman.
“Biznesim moliyaviy mustaqillik beradi”
Biznesimdan foyda ko‘raman. Hatto ikki tomonlama foyda ko‘raman.
Biznesimdan foyda ko‘raman. Hatto ikki tomonlama foyda ko‘raman. Birinchisi, moddiy jihatdan sekinlik bilan bo‘lsa-da o‘zini oqlayapti, bilasiz, bu turdagi biznesda daromad barqaror emas. Lekin uyda o‘tirgan ayol, ona sifatida mustaqil bo‘lish imkoniyatini beradi, ikkinchi va eng katta foydasi – o‘zingdan qoniqish-ichki qoniqish, ijod qilish zavqi va boshqa ota-onalardan keladigan cheksiz minnatdorchiliklar.
Birinchi mijozlarim ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlarim yordami bilan yig‘ilgan obunachilardan edi. Eng boshida deyarli hamma do‘stlarim, o‘z sahifalarida mening biznes profilimni ko‘rsatib yordam berishgan. Hozir eslab ularning dastaklaridan yana bir bor to‘lqinlanib ketdim.

“Har bir onaning ichida bir ijodkor yashaydi”

Ishimning menga eng ko‘p yoqadigan jihati nazorat yo‘qligi. O‘zim uchun ishlash, o‘zimni o‘zim boshqarish yoqadi. Hech kim buyruq bermaydi va o‘zim yoqtirgan uslubda ishlayman, charchaganimda esa istagan paytimda dam olaman. Bu erkinlik menga juda yoqadi, ayniqsa onalik mas’uliyatim bor bo‘lgan bu hayot tarzimda.
Qaysidir ona dekretda kattaroq ish boshlamoqchi bo‘lsa, u buning qiyinligini boshidan bilishi kerak. Lekin yana bilishlari kerakki ular avvalgiga nisbatan ikki baravar kuchli, aqlli, energiyaga boy. Farzand onaga ana shunday kuch beradi. Har bir onaning ichida bir ijodkor yashaydi, boshida qo‘rqinchli tuyulsa kichik qadamlardan boshlang. Har bir qadam sizni o‘zingizga yanada yaqinroq qiladi. O‘zingizni tanimoq orzularga yaqinlashmoq demak. Zotan farzandlaringiz uchun qila oladigan eng katta yaxshiligingiz – ularning orzularidan hech qachon voz kechmagan onasi bo‘lishidir.
Bu brend uchun uzoq yillik rejalarim bor. Nafaqat O‘zbekistonda balki butun dunyo miqyosidagi brend bo‘lishiga ishonaman. Uch yil emas, balki ko‘proq vaqtda bo‘lishi mumkin, men bu brend ostida, ota-ona va bolalar uchun xizmat ko‘rsatadigan barcha turdagi yo‘nalishlarga ega bo‘lgan katta savdo markaz ochishni rejalashtiryapman. Uning ichida savdo do‘konlaridan tortib bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limlari ham bo‘ladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi