Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kreml Rossiya Trampning sanksiyalaridan qo‘rqmasligini bildirmoqda
Tramp Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda – lekin bu Putinga ta’sir qilish-qilmasligini o‘zi ham bilmaydi.

Foto: Umit Bektas/Reuters
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya iqtisodiyoti urush davrida allaqachon sanksiyalarga moslashganini aytib o‘tdi. U AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyadan 10 kun ichida jangovar harakatlarni to‘xtatishni talab qilgan ultimatumiga shunday izoh berdi.
«Biz anchadan buyon ko‘plab sanksiyalar ostida yashayapmiz va iqtisodiyotimiz juda ko‘p cheklovlar ostida ishlab kelmoqda, shuning uchun, albatta, bizda bu borada ma’lum bir immunitet allaqachon shakllangan», – dedi Peskov.
Moskvaning ultimatumga reaksiyasi qanday bo‘lishi haqidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri berilgan savolga javoban Peskov Kreml «bu bayonotlarning barchasini ma’lumot uchun qabul qilishi»ni aytish bilan kifoyalandi. «Biz bu borada prezident Trampdan, boshqa xalqaro vakillardan kelayotgan barcha bayonotlarni qayd etib qo‘yishda davom etyapmiz», – deya qo‘shimcha qildi u.
Trampning ultimatumi muddati qisqarganiga hozirda Shveytsariyada bo‘lib turgan Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko ham izoh berdi. Bu keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri birinchi marta yuqori darajadagi Rossiya delegatsiyasi Yevropada bo‘lishidir.
Matviyenko Rossiya Federatsiyasi emas, balki Ukraina «tinchlikka erishish bo‘yicha jiddiy niyatlardan voz kechayotgani»ni aytdi va «Ukraina tomoniga ultimatumlar yuborish»ni taklif qildi, uning fikricha, aynan ular tinchlik muzokaralarini buzmoqda.
O‘z navbatida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi «tahdidlar munosabatlarni normallashtirish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsata olmasligi»ni qayd etdi.
Tramp 29 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ultimatum muddatini «bugundan boshlab 10 kunga» qisqartirishini rasman e’lon qildi. Agar bu muddat ichida harbiy harakatlar to‘xtatilmasa, AQSh prezidenti Rossiyadan neft va gaz sotib oluvchi davlatlar uchun 100 foizlik bojlar va «boshqa choralar» joriy etishga va’da berdi.
Shu bilan birga, Trampning o‘zi yangi sanksiyalar ta’sir qilish-qilmasligini bilmasligini tan oldi. «Bu Rossiyaga ta’sir qiladimi yoki yo‘qmi, bilmayman, chunki u [Putin] urushni davom ettirishni xohlayotgani aniq», - dedi AQSh prezidenti.
AQSh Davlat departamenti Trampning yangi ultimatumi ortidan qat’iy sanksiyalar haqidagi gaplarga «jiddiy» munosabatda bo‘lish kerakligini ta’kidladi. Vazirlik matbuot kotibi Temmi Bryus Tramp «jiddiy odamligi»ni ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha Tramp «sabr qilgan» va bu sabrni «ba’zilar noto‘g‘ri tushungan».