O‘zbekiston | 16:32 / 30.07.2025
8233
3 daqiqa o‘qiladi

«Yetkazilgan zarar qoplangan» - Oliy sud «Toshshahartransxizmat»ning 7,5 yilga qamalgan amaldori nega ozod qilinganini tushuntirdi

Davlat mulkini talon-toroj qilishda aybdor deb topilib, 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan «Toshshahartransxizmat» sobiq boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosariga tayinlangan jazo - apellyatsiya sudining qarori bilan yengilrog‘iga almashtirildi. Oliy sud apellyatsiya sudining muhokamalarga sabab bo‘layotgan ushbu qarori yuzasidan tushuntirish berdi.

Foto: Kun.uz

«Toshshahartransxizmat» AJ sobiq boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari Abdujamil Azizov joriy yil fevral oyida davlat mulkini talon-toroj qilishda aybdor deb topilib, sud hukmi bilan 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.

5 iyun kuni Anvar Jo‘rayev va yana 19 kishiga oid jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasi sudida ko‘rib chiqilib, sud ajrimi bilan birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgartirildi. Xususan, 7,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari sud zalidan ozod qilinib, jazo — ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.

«Toshshahartransxizmat» sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan apellyatsiya sudining ushbu qarori yuzasidan tushuntirish berdi.

Ma’lum qilinishicha, dastlabki instansiya sudi hukmi bilan Anvar Jo‘rayev va tashkilot tasarrufidagi avtobus saroylarining 20 nafar xodimi JK 167-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybdor deb topilgan. Ulardan, asosiy jazodan tashqari, 2 milliard 475 million so‘mdan ko‘proq zarar undirilishi, sudlanuvchilarga tegishli 2 ta uy-joy yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratilishi belgilangandi.

Oliy sudning ma’lum qilishicha, Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rilgan sud jarayoni davomida sudlanuvchilar tomonidan yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan.

«Ta’kidlash joizki, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmasligi belgilangan.

Shu bois, apellyatsiya sudining 2025 yil 5 iyundagi ajrimi bilan asosiy jinoyat bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplanganligi sababli sudlanuvchilarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanib, depozit hisob raqamiga to‘langan pullar davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilangan. Bundan tashqari, jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larga olingan va zararni qoplashga qaratilgan 2 ta uy-joy davlat foydasiga musodara qilindi”, deyiladi Oliy sudning tushuntirishida.

Bundan tashqari ushbu ajrimdan norozi taraflar JPK 510-moddasi (taftish tartibida qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan sud hukmlari, ajrimlari) talablariga muvofiq Toshkent shahar sudiga taftish tartibida shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin.

Mavzuga oid