O‘zbekiston | 18:58 / 31.07.2025
5125
4 daqiqa o‘qiladi

Dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qilishi aytildi

Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi, tegishli ma’lumotlarni platformaga ham uning o‘zi kiritadi, deya ma’lum qilindi prezident huzuridagi yig‘ilishda. Ayrim mahsulotlarni yetishtirishga mablag‘ ajratilishi, suvning konturma-kontur hisobini yuritishga o‘tilishi, qishloq xo‘jaligi uchun 100 ta dron sotib olinishi, somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 iyul kuni qishloq xo‘jaligida kosmik ma’lumotlardan foydalanish va raqamlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

2024 yil 14 oktyabrdagi prezident farmoniga muvofiq, “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalar joriy etilmoqda. Bu qishloq va suv xo‘jaligidagi haqiqiy holatni, kamchiliklarni ochiq-oydin ko‘rsatib berayapti.

Ikki yil mobaynida sohada foydalanilayotgan 4 million gektardan ziyod yerlar kosmik monitoring qilindi. Aniqlanishicha, hisobotlarda ko‘rsatilgan ayrim maydonlarda paxta ekilmagan, ba’zan esa zaxiradagi yoki egasi noma’lum yerlarga ekilgan.

Shu bois davlat tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlarning maqsadli ishlatilishini masofaviy monitoring qiladigan tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligidan kelib chiqib, yurtimizda kam suv talab qiladigan yangi navlar va agrotexnologiyaga o‘tilmoqda. Lekin ekinlarni sug‘orishda suv sarfi me’yori hozirgi haqiqatdagi talabga javob bermasligi ko‘rsatib o‘tildi. Gidromodul rayonlashtirish yondashuvi ham eskirgan. Oqibatda kanallar oxirida joylashgan 3 mingdan ziyod fermerga suv yetib bormayapti.

Qishloq va suv xo‘jaligi tizimidagi ilmiy institutlarni jalb qilgan holda sug‘orish me’yori va gidromodul rayonlashtirishni to‘liq yangilash vazifasi qo‘yildi.

Fermerlar sarflayotgan suvning haligacha aniq hisobi yo‘qligi qayd etilib, buning barcha bosqichlarini raqamlashtirish, suvning konturma-kontur hisobini yuritish zarurligi ta’kidlandi.

Suv omborlari sig‘imi ham loyihaviy quvvati bo‘yicha hisoblanib kelinar edi. So‘nggi ikki yilda 60 ta yirik suv ombori ilk bor batimetrik tahlildan o‘tkazildi. Loyqa cho‘kkani sababli ayrimlarining sig‘imi kamaygani aniqlandi.

Shu bois barcha suv omborlariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatib, suv miqdorini onlayn kuzatish, ulardagi loyqani kamaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

“Yer bilan suv – qishloq xo‘jaligimiz taqdirini hal qiluvchi masala”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda sohani raqamlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Hozir fermerlar yer, kredit, subsidiya va agroxizmatlar bo‘yicha 30 dan ortiq platformadan foydalanyapti. Buni osonlashtirish uchun ular birlashtirilib, “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platformasi ishga tushiriladi.

Endi dalasiga nima ekishni fermerning o‘zi hal qiladi. Buni platformaga ham uning o‘zi kiritadi. Natijada asosiy, takroriy va to‘qsonbosti ekinlar miqdori oldindan ko‘rinadi. Bu oziq-ovqat xavfsizligi, narx-navo barqarorligi va dehqonlarning daromadida juda muhim.

Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov boshchiligida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi. Yetishmayotgan mahsulotni ko‘paytirish uchun imtiyozli kredit va subsidiya beriladi.

Sohada uchuvchisiz apparatlardan foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Kuzda 100 dan ziyod zamonaviy dron olib kelinadi. Mutasaddilarga xususiy sektorni jalb etib, fermerlarga dronlar yordamida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Somonpoyalarni yoqishga chek qo‘yishning qonuniy asoslarini yaratish zarurligi aytildi.

Kosmik tadqiqotlarda qurilish, kadastr, noruda konlari, o‘rmon va yaylov yerlari bo‘yicha ham tahlillar borligi ta’kidlanib, vazirlar va hokimlarga ularni o‘rganib, rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid