Sog‘lom hayot | 13:20 / 03.08.2025
7322
14 daqiqa o‘qiladi

“Operatsiyalarni tibbiy ma’lumotsiz “mutaxassislar” qilyapti” – O‘zbekistonda kosmetologiya nega nazoratsiz?

Oxirgi vaqtlarda teriga ishlov berib, odamlarni yoshartirish “daromadli biznes”ga aylandi. Bu sohaga kirish uchun talablar sust, kosmetologlar faoliyatini esa deyarli hech kim tekshirmaydi. Qisqa kurslarda o‘qigan, tibbiy bilimga ega bo‘lmagan “mutaxassislar” tanaga igna sanchib, uni kesib-tikib, in’yeksion muolajalarni bexavotir amalga oshiryapti. “Mualliflik texnikasi” deya tarmoqlarda reklama qilinayotgan protseduralar esa klinik tekshiruvlardan o‘tkazilmay, noqonuniy qo‘llanyapti. Bemorlar salomatligiga yetkazilgan zarar javobsiz qolmoqda. Kun.uz muxbiri mutaxassislar bilan bog‘lanib, ushbu holatga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rgandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kosmetologiya – yuz, teri, soch, tirnoq va tananing boshqa tashqi elementlarini parvarishlash, estetik jihatdan yaxshilash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot sohasi. Mazkur yo‘nalishda ishlash uchun dermatologiya, farmakologiya, psixologiya bilimlari talab qilinadi.

Afsuski, O‘zbekistonda bu soha nazoratsiz rivojlanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan 7 kun, 1 oylik kurslar orqali “sertifikat” olib, amaliy tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lmaganlar ham ineksion muolajalar o‘tkazyapti. Shuningdek, jarrohlik amaliyoti tashkil etish uchun litsenziyaga ega bo‘lmasa-da, “go‘zallashtirish”ga xizmat qiluvchi operatsiyalarni bemorlarda tajriba tariqasida sinab ko‘rayotganlar ham topiladi. Tibbiy kosmetologiya va estetika bir-biriga aralashib ketgan: kosmetologiyaning sog‘liq bilan bog‘liq jihatlari yengil baholanmoqda.

Tibbiyot sohasida oliy ma’lumotga ega kosmetolog Guljahon Shirinovaning aytishicha, boshlang‘ich tibbiy bilimi (kollej yoki texnikum diplomi) mavjud bo‘lmaganlar ustoz-shogird an’analari asosida protseduralarni o‘rganib, murakkab muolajalarni bajarmoqda.

Bizda menejer bo‘lib ishlagan sobiq hamkasbimiz boshqa kosmetologlar ishiga qarab turib o‘rganib, hech qanday kurs yoki oliygohda o‘qimasdan, hozirda kosmetolog sifatida faoliyat yurityapti. Diplom yoki biror bir tibbiy ma’lumoti bor-yo‘qligini hech kim so‘ramaydi, talab qilmaydi. Bemorlar ham muolajalardan avval mutaxassisning qanday malakaga egaligini surishtirmaydi. Odamlarning aksariyati Instagramʼda ko‘rganiga ishonib keladi – reklamalarda namoyish qilinayotgan surat va videolar o‘sha kosmetologning haqiqiy ishimi yoki o‘g‘irlangan surat, buni tekshirib ko‘rishmaydi”, ­– deydi u.

Ko‘pchilikda ushbu yo‘nalish tibbiy xizmat hisoblanadimi yoki yo‘qmi o‘zi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Aslida kosmetologiya bir nechta turga bo‘linadi, ularning ayrim turlari to‘liq tibbiy xizmat sanaladi, ba’zilari esa parvarishlovchi-gigiyenik servis bo‘lib, yarim tibbiy tusga ega hisoblanadi.

  • Estetik kosmetologiya asosan, tashqi ko‘rinishni parvarishlash, yuzni tozalash, oddiy massaj va gigiyenik niqoblar qo‘yish kabi yengil muolajalarni o‘z ichiga oladi. Mazkur xizmatlarda tibbiy aralashuv bo‘lmaydi, bunday muolajalar maxsus kursni bitirgan mutaxassislar tomonidan bajarilishi mumkin.
  • Tibbiy kosmetologiyada esa inson organizmiga bevosita fiziologik, kimyoviy yoki apparatli aralashuv orqali ta’sir ko‘rsatiladi. Masalan, botoks, filler, lazer muolajalari, PRP terapiya, mezoterapiya, kimyoviy piling singari in’yeksion usullar professional tibbiy bilim va steril sharoitda bajarilishni talab etadi. Shu bois, bu xizmatlar “tibbiy faoliyat” deb baholanadi va faqatgina maxsus litsenziyaga ega shifokor-kosmetologlar tomonidan amalga oshirilishi lozim.

Sohani biznes sferaga aylantirib yuborishgan: kosmetologiya mo‘may pul topish manbai bo‘lib qoldi. Faoliyatni litsenziyalash bilan hech kimning ishi yo‘q. 1-2 haftalik kursni tugatib, hech qanday amaliy tajriba, ilmiy bilim, oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar inson yuz terisini igna bilan teshib, bemalol muolaja va operatsiya o‘tkazyapti. Bu holat nafaqat professional kosmetologlar obro‘si, balki butun sog‘liqni saqlash tizimiga putur yetkazyapti. Allergik reaksiyalar, teri infeksiyalari, hatto chandiq va asoratlar bilan yakun topayotgan holatlar yetarlicha. Eng og‘riqlisi, bu vaziyatni tartibga soluvchi rasmiy mexanizmlarning sust ishlayotganida. Malaka nazorati deyarli qog‘ozda qolib ketgan”, – deydi kosmetologiya akademiyasi asoschisi Muattar Raupova.

2021 yil 12 mayda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin bo‘lgan tibbiy yo‘nalishlar ro‘yxati (ya’ni ixtisosliklar nomenklaturasi) tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatga tibbiy kosmetologiya ham kiritilgan, ya’ni bu yo‘nalish tibbiy xizmat deb e’tirof etiladi va u bilan faqat maxsus tibbiy ma’lumotga ega mutaxassislar shug‘ullanishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda yuzini torttirgan, ajinlarni ketkazuvchi ukollar olgan qizlarning videolariga ko‘zimiz tushadi. Ularning muolaja olish sharoiti o‘rganilganda protseduralar oddiy salonlarda o‘tkazilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Salonlar yuz va terining yengil parvarishi uchun ochiladi, ularda terini tikib-kesish, nitlar qo‘yish, shaklni o‘zgartiruvchi ukollar qilish umuman mumkin emas. Bunday ishlar sanitar-gigiyenik talablarga javob beradigan xonada steril sharoitda tibbiy ma’lumotga ega jarrohlar tomonidan amalga oshirilishi kerak aslida”, – deydi Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi bo‘lim mudiri Dilbar To‘raxo‘jayeva.

Bu holat bir tomondan xizmatlar arzon va keng tarqalishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tomondan sifatsiz muolaja, infeksiya xavfi, asoratlardan aziyat chekayotgan mijozlarning ko‘payishi kabi muammolarni yuzaga chiqarmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi vakilining ta’kidlashicha, yengil ko‘ringan muolaja, masalan, oddiy piling ham noto‘g‘ri bajarilsa, teriga infeksiya tushishi mumkin. Odatda, bu darhol sezilmaydi, bakteriya yashirin davrda rivojlanadi va simptomlar bir necha haftadan keyin yuzaga chiqadi. Ushbu holat kasallikning aniqlanishini kechiktiradi.

Kosmetologik amaliyotlar orqali yuqishi mumkin bo‘lgan eng xavfli infeksiyalardan biri bu – virusli gepatitlar (B va C turlari). Mazkur viruslar qon orqali o‘tadi va jigar faoliyatini izdan chiqaradi. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, salonlarda o‘tkazilayotgan amaliyotlarda tibbiy buyumlarning to‘laqonli sterillanmagani oqibatida OIV yuqish holatlari ham uchrab turadi.

Kosmetologlarning ko‘pi salonda ish boshlab, tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. Sub’yekt go‘zallik markazi sifatida rasmiylashtirilgan holatda faqat estetik xizmatlar taqdim etishiga ruxsat beriladi. Ammo shunga qaramay, hozirda salonlarda kosmetologik-in’yeksion protseduralarni ham amalga oshiryapti. Bu bevosita litsenziyasi doirasida ish yuritishni tartibga solish mexanizmlari sustligi belgisidir. Undan ham yomoni, aksariyat salonlar va kosmetologlarda faoliyat olib borish uchun litsenziya ham mavjud emasligida”, – deydi mutaxassis.

Vazirlar Mahkamasining 2009, 2017 va 2022 yillardagi qarorlariga ko‘ra, tibbiyot sohasida ishlaydiganlar faqat ruxsat berilgan, ya’ni litsenziyada ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda faoliyat olib borishi mumkinligi, tibbiy xizmatlarni litsenziyalash esa Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga yuklatilganini ko‘rishimiz mumkin. Demak, kosmetologik xizmatni tartiblash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasidagi vazifa. Bu borada vazirlikka talaygina savollarimiz bor edi. Tashkilot matbuot kotibiga mavzuni o‘rganishni boshlagan vaqtimizdan to kontent tayyor bo‘lguniga qadar bir yarim oy mobaynida bir necha marta aloqaga chiqdik, ammo turli sabablar bilan na savollarimizga javob, na intervyu uchun mutaxassis topa oldik – bu borada savollarimiz ochiq qoldi.

Inson salomatligi yo‘lida muolajalarning sifatli va gigiyenik qoidalar asosida amalga oshirilayotganini nazorat qilib borish ham muhim. Bunga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat xavfsizligi qo‘mitasi mas’ul. Ushbu tashkilot muolaja xonalarining belgilangan talablarga javob berishi, tibbiy buyumlarning sterillanish holati, preparatlarning yaroqlilik muddati va saqlanish sharoiti kabilarni tekshirib turishi, belgilangan gigiyenik me’yorlar buzilsa yoki tibbiy jarayonlarda bemorga xavf tug‘diruvchi holatlar aniqlansa, ogohlantirish, jarima solish yoki faoliyatni to‘xtatib qo‘yish kabi choralarni ko‘rishi kerak. Lekin mazkur qo‘mitada bunday vakolat cheklangan, biror bemorda jiddiy noxush holat ro‘y berib, shikoyat tushmaguncha mutaxassislar kosmetologik sub’yektlarni mustaqil tarzda borib tekshira olmaydi.

Faqat ariza kelib tushgan hollarda, unda ham aniq faktlar bo‘lsagina, biznes-ombudsmandan ruxsat olgandan keyin tekshira olamiz. Kosmetologlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgani uchun ularning faoliyatiga aralashishimiz mumkin emas – bu qonunda belgilangan”, – deydi Dilbar To‘raxo‘jayeva

Ushbu holat sohaga oid qonunlar bo‘lsa-da, O‘zbekistonda kosmetologik faoliyat ustidan davlat nazorati tizimi to‘g‘ri va to‘liq ishlamayotganini ko‘rsatadi. Rasmiy hujjatlarda tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuv man etilgan. Bu borada huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish yoki unga qo‘shimchalar kiritish kerakdir balki. Negaki kosmetologik xizmatlar biror mahsulotni ishlab chiqarish yoki sotish emas, bevosita inson salomatligiga daxl qiluvchi ish: u shunchaki nazoratsiz qolmasligi kerak.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilinishicha, tibbiyot xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar o‘zlari vakolatli bo‘lmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanibgina qolmasdan, muolaja va jarrohlik amaliyotlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va sifati kafolatlanmagan mahsulotdan foydalanishlari hamda hech qanday huquqiy asosga ega bo‘lmasdan turib tibbiy muolajalarni o‘tkazishi qat’iy man etiladi.

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda kosmetologik muolajalar reklamalaridan “mualliflik texnikasi” nomi ostida targ‘ib qilinayotgan e’lonlarni ko‘rish mumkin. Bunday muolajalar tarkibi so‘ralganda o‘z nomi bilan “avtorskiy” deya tarkib ochiqlanmaydi. Bu aslida iste’molchi huquqining buzilishi hisoblanadi.

Iste’molchilar kosmetologik xizmat (yoki har qanday boshqa xizmat) va uning tarkibi, sifati, xavfsizligi haqida to‘liq va aniq ma’lumot olishga haqli. Bu ma’lumot mahsulot (xizmat) tarkibi, uning ishlatilishiga doir ko‘rsatmalar, xavfsizlik choralari, ishlab chiqaruvchi (yoki xizmat ko‘rsatuvchi) haqida axborot, amal qilish muddati, muolajani o‘tkazish shartlarini o‘z ichiga olishi zarur”, ­– deydi Raqobatni rivojlantirish va istemolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi.

Mualliflik muolajasi tarkibida ishlatilayotgan dori vositalarining klinik tadqiqotlari ham mavjud emas. “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga ko‘ra, dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi. Bundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har qanday dori vositasi amaliyotga joriy qilinishidan oldin klinik tadqiqotdan o‘tishi, davlat ekspertizasi tomonidan baholanishi zarur. “Mualliflik muolajasi” nomi ostida ayrim kosmetologlar tomonidan foydalanilayotgan vositalar bu mezonlarning birortasiga javob bermaydi. Ularning tarkibi noma’lum, ta’sir mexanizmi esa ilmiy asosga ega emas. Eng ayanchlisi, muolajadan keyingi salbiy oqibatlar uchun hech kim javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmaydi – terisi kuygan, to‘qimalari shikastlangan yoki infeksiyaga chalingan bemor qandaydir “salon”da qilinadigan sifatsiz protsedura qurboniga aylanadi-qoladi.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasiga muvofiq, bemor tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish huquqiga ega.

Bu kabi gaplar bilan sizni xavotirga solmoqchi yoki kosmetologga umuman bormang demoqchi emasmiz. Shuningdek, hamma kosmetologlar tajribasiz, sifatsiz ish bajaradi degan qarashdan ham yiroqmiz. O‘z ishini professional darajada taqdim etayotganlar oz emas. Shunchaki yaxshisi bilan yomonining farqiga boring, o‘zingizni ehtiyot qiling va aldanib qolmang degan maqsadda bu kontentni tayyorladik.

Ko‘rsatuv mobaynida Instagramʼdagi reklama tuzoqlari, kosmetologik faoliyatni tartibga solish bo‘yicha jahon tajribasi, iste’molchi huquqlari haqida so‘z yuritiladi. Uni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Muallif: Diyoraxon Nabijonova
Operatorlar: Abdulloh Hasanov, Ziyaddin Mamatjonov, Jahongir Aliboyev
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid