Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroillik vazir Ma’bad tog‘ida ibodat qildi. Bu esa ko‘p yillik kelishuv buzilishidir
Ultramillatchi hisoblangan Itamar Ben-Gvir o‘sha yerdan turib G‘azo sektorini bosib olishga da’vat qildi.

Foto: Getty Images
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir yakshanba kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidiga tashrif buyurib, u yerda ibodat qildi. Bir necha o‘n yil oldin musulmonlar bilan tuzilgan va hozirda amalda bo‘lgan norasmiy kelishuvga ko‘ra, Al-Aqso kompleksi Iordan diniy fondi boshqaruvida bo‘lib, yahudiylar bu yerga tashrif buyurishi mumkin, ammo ibodat qilishi mumkin emas.
«Ma’bad tog‘i ma’muriyati» deb nomlangan kichik yahudiy tashkiloti tomonidan e’lon qilingan videoda Ben-Gvir bir guruh odamlar qurshovida kompleks bo‘ylab sayr qilayotganini ko‘rish mumkin. Boshqa videolarda u ibodat qilayotgani aks etgan.
Al-Aqso masjidi musulmonlar uchun uchinchi muhim ziyoratgoh, Ma’bad tog‘i esa yahudiylikdagi eng muqaddas joydir.
Isroil 1967 yilgi Yaqin Sharq urushida Al-Aqso majmuasini Iordaniyadan tortib olgandi. Iordaniya ushbu joyning tarixiy qo‘riqchisi rolini davom ettirish huquqini saqlab qolgan, Isroil esa xavfsizlik va kirish nazoratini o‘z zimmasiga olgan.
Falastinliklar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda majmuaga kelgan yahudiylar u yerda tez-tez ibodat qilishmoqda, Isroil politsiyasi esa ularga to‘sqinlik qilmayapti.
Isroilning rasmiy pozitsiyasi majmua hududida musulmon bo‘lmaganlar ibodat qilishini cheklovchi qoidalarni tan oladi. Ben-Gvirning tashrifidan so‘ng bosh vazir Binyamin Netanyahu Isroilning majmuadagi status-kvoni saqlab qolish siyosati «o‘zgarmagani va o‘zgarmasligi»ni aytdi.

JERUSALEM ISLAMIC WAQF / HANDOUT
Yahudiylar Ma’bad tog‘i deb ataydigan majmuaga tashrif Tisha Be-Av kuni, bir necha asr oldin bu yerda joylashgan ikkita qadimiy yahudiy ibodatxonasi vayron bo‘lganini xotirlash uchun ro‘za kuni bo‘lib o‘tdi.
Quddusning devor bilan o‘ralgan Eski shahar qismidagi tepalikdagi majmuani boshqaruvchi «Vaqf» jamg‘armasi xabar berishicha, Ben-Gvir toqqa chiqqan, ibodat qilgan, qichqirgan va raqsga tushgan 1250 kishi orasida bo‘lgan.
Milliy xavfsizlik vaziri sifatida politsiyaga rahbarlik qilayotgan ultramillatchi Ben-Gvir bu yerga avval ham tashrif buyurgan, biroq Times of Israel nashri yozishicha, u Ma’bad tog‘ida birinchi marta ibodat qilgan. Majmuaga tashrifi davomida unga politsiyachilar hamrohlik qildi.
Ben-Gvir o‘z bayonotida Isroilning G‘azodagi urushda Hamas ustidan g‘alaba qozonishi va jangarilar tomonidan garovga olingan isroilliklarni qaytarish uchun ibodat qilganini aytdi. U Isroilni butun anklavni bosib olishga chaqirgan chaqirig‘ini takrorladi.
«Aynan shu yerdan, Isroil suvereniteti imkoniyatini isbotlagan joyimizdan turib butun G‘azoni bosib olish, sektor ustidan Isroil suverenitetini e’lon qilish, Hamasning har bir a’zosini yo‘q qilish va falastinliklarning G‘azoni o‘z ixtiyori bilan tark etishiga imkon berishimiz haqida signal jo‘natishimiz kerak», – degan u X tarmog‘iga joylashtirgan videomurojaatida.
U bu videomurojaatini musulmonlar uchun muqaddas qadamjolardan biri bo‘lgan Qubbat as sahra fonida suratga olgan.
Isroilning Al-Aqso majmuasidagi qoidalarni o‘zgartirishi haqidagi taxminlar musulmon dunyosida keskin norozilik uyg‘otmoqda, o‘tmishda bunday harakat zo‘ravonlik holatlariga sabab bo‘lgan, ammo bu safar bunday holatlar haqida xabar kelishb tushmadi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbosning matbuot kotibi Nabil Abu Rudeyne Ben-Gvirning «barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tgan» tashrifini qoraladi.
«Xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSh ma’muriyati Al-Aqso masjidida muhojirlarning jinoyatlari va o‘ta o‘ng hukumatning provokatsiyalariga chek qo‘yish, G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish va gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash uchun zudlik bilan aralashishi kerak», – dedi u.
Iordaniya Ben-Gvirning so‘nggi tashrifini «yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan provokatsiya» deb atadi.
Mavzuga oid

17:30
“HAMAS G‘arb talab qilgan demokratik saylov yo‘li bilan hokimiyatga kelgan edi” – siyosatshunos

11:04
Isroilning G‘azodagi tajovuzi qurbonlari soni 60 mingdan oshdi

09:39
Vadeful isroillik ko‘chmanchilarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligini qoraladi

23:57 / 01.08.2025