Jamiyat | 17:05
6164
2 daqiqa o‘qiladi

Parkent tuman shifoxonasida 9 oylik chaqaloq birinchi tibbiy yordamdan keyin vafot etdi

26 iyul kuni Toshkent viloyati Parkent tumanida ota-ona 9 oylik qizchasining ahvolidan xavotirlanib, uni shoshilinch ravishda tuman shifoxonasiga olib boradi, ammo tibbiyot xodimlari o‘z vazifasini vaqtida va yetarli darajada bajarmagani sababli oradan bir kun o‘tib, chaqaloq vafot etdi. Qizaloq oilaning 12 yildan buyon kutgan farzandi edi.

Marhum chaqaloqning yaqinlari shifokorlar bolaning ahvolini noto‘g‘ri baholashganini va qimmatli vaqt yo‘qotilganini ta’kidlashmoqda. Bolaning ahvoli tobora og‘irlashgan va tibbiyot xodimlari bunga dimedrol sabab bo‘layotganini aytib, ota-onani besabrlikda ayblagan.

“Turmush o‘rtog‘im bolani Toshkentdagi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib borish kerakligini aytdi. Lekin shifokor, bu dimedrol ta’siri ekanligini, bolamning ahvoli yaxshiligini ma’lum qildi.

Ular bolamning tana vaznini o‘lchamasdan, ko‘rikdan o‘tkazmasdan turib tashxis qo‘yishdi, bir qancha tomchi ukollar qilishdi. Bu bolaning tana vazniga qarab qilinishi kerak edi. Avvaliga oshqozon buzilgan degan tashxis qo‘yishgan bo‘lsa, keyin nafas olishi buzilgan deb kislorod apparatiga ulashdi. Olib borgan kunimizning ertasiga bolam dunyodan o‘tdi. Biz surishtiruv boshlaganimizda bizga tashxis qo‘ygan shifokorning o‘z hisobidan ta’til olib xorijga ketganini bildik”, deydi chaqaloqning onasi.

Onaning aytishicha, bolaning o‘limidan keyin shifokorlar tomonidan sud med ekspertizaga yolg‘on ma’lumot berilgan. Bolada ikki tomonlama o‘pka pnevmoniyasi, bosh miyasida shish borligi, shu sabab nevropatolog ro‘yxatida turishini qayd etishgan. Ammo bolada tug‘ilgandan beri biror kasallik alomati kuzatilmagan.

Ayni paytda prokuratura tomonidan mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida tibbiy xato yoki loqaydlik holati o‘rganilmoqda. Agar aybdorlar aniqlansa, ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116 va 117-moddalari — ehtiyotsizlik orqali inson o‘limiga sababchi bo‘lish va xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaslik — bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Kun.uz ushbu holat yuzasidan rasmiy idoralar va Sog‘liqni saqlash vazirligidan munosabat kutadi.

Mavzuga oid