Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Jarimani to‘lashga rozimiz, ammo akt yo‘q” – Samarqandda YHXB haydovchilarni sarson qilyapti
Joriy yilning 1 avgust kuni Samarqand shahrida YHXB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan reyd chog‘ida 50 dan ortiq avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilgan. Kun.uz’ga murojaat qilgan haydovchilarga ko‘ra, ular jarimalarni to‘lashga tayyor, biroq besh kundan beri mashinalarini “stoyanka”dan olib chiqisholmayapti.

Foto: Kun.uz
Samarqand shahar YHXBga murojaat qilib kelayotgan haydovchilarga “akt hali kelmagan” yoki “baza ishlamayapti” degan vajlar bilan mashinalarini qaytarib olishga ruxsat berilmayotgani aytilmoqda.
5 avgust kuni holatiga ko‘ra, jarimalar elektron bazada ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, akt rasmiylashtirilmagani bois avtomobillar hali ham jarima maydonchasida turibdi. Bu vaqt ichida mashinalar uchun har kunlik to‘lov (stoyanka uchun) yuzaga kelmoqda.
“Biz qoidabuzarlik qilgan bo‘lsak, javobgarlikni tan olamiz. Jarimalarni ham to‘lashga tayyormiz. Lekin faqat bir qog‘oz – akt yo‘qligi uchun 5 kundan beri kutib turibmiz. Har bir kuni pulga aylanyapti”, – deydi haydovchilardan biri.
Murojaatchilarga ko‘ra, shu reydda “stoyanka” qilingan ba’zi haydovchilar tanish-bilish orqali mashinalarini olib ketishgan.