Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Chaqaloqni ota-onasidan boshqa odam o‘pmasligi kerak” – pediatr maslahati
O‘zbek oilalarida yangi tug‘ilgan chaqaloqni erkalab o‘pish odat tusiga kirgan. Tibbiyot bu harakatning go‘dak salomatligi uchun xavf tug‘dirishini tasdiqlaydi. Mutaxassisning ma’lum qilishicha, ota-onadan boshqa kishilar bolaning og‘iz va yuz sohasiga yaqin joydan o‘pganida turli virus va bakteriyalar uning organizmiga kirib olishi mumkin. Bu esa bolaning asab tizimi, nafas yo‘llari hamda limfa tugunlariga zarar yetkazib, bronxiolit, pnevmoniya yoki boshqa og‘ir infeksion kasalliklarga chalinish xavfini oshiradi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqning immuniteti kuchsiz bo‘ladi va 6 oylikka yetguncha to‘liq shakllanmaydi. Go‘dak ona suti orqali ayrim antitanalarni olsa-da, organizmi yuqumli kasalliklarning barchasiga qarshi o‘zini himoya qila olmaydi. Bunday holatda eng kichik infeksiya ham chaqaloq tanasida salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
“Odamning og‘iz bo‘shlig‘ida millionlab mikroorganizmlar mavjud. Hammasi ham zararli emas, biroq immuniteti zaif hisoblangan chaqaloqlar uchun mazkur yuqumli zarrachalar xavf tug‘diradi va kasallik chaqiradi”, – deydi pediatr Komila Mutalova.
Bolalar shifokorining aytishicha, katta yoshli odam og‘iz bo‘shlig‘idagi mikroblar ko‘pincha o‘z egasi tanasida hech qanday belgi ko‘rsatmaydi, bu holat sog‘lom ko‘ringan shaxsning ham chaqaloq uchun yuqumli infeksiya tashuvchisiga aylanish ehtimoli mavjudligini bildiradi.
“Amaliyotda emizikli bolani begonalar o‘pganidan keyin og‘iz bo‘shlig‘i orqali chaqaloqqa turli bakteriya va infeksiyalar yuqishi kuzatilgan. Ulardan biri – mononukleoz kasalligini keltirib chiqaruvchi Epstein-Barr virusi (EBV). Mazkur zararli mikroorganizm og‘iz orqali o‘tadi. Kattalarda u yengil tarzda bo‘yin limfa tugunlarining shishishi va umumiy holsizlik bilan kechadi, chaqaloqlarda tana haroratining ko‘tarilishi, taloq va jigar shishishi, og‘ir umumiy holat bilan namoyon bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda bola zudlik bilan shifokor nazoratiga olinmasa, xavfli asoratlar yuzaga keladi”, – deydi shifokor.
Shuningdek, kattalarning bola og‘iz bo‘shlig‘i atrofini o‘pishi ortidan uning organizmiga quyidagi viruslar ham o‘tadi;
- Stomatit: ko‘pincha og‘iz gigiyenasiga e’tibor qilinmaganda yoki infeksiya tashuvchisi bilan yaqin aloqada bo‘lganda yuqadi. Og‘izdagi yarachalar, achishish va emishni istamaslik sababli chaqaloq suvsizlanib, sog‘lig‘i yomonlashadi.
- Streptokokk, stafilokokk: mazkur mikroblar angina, nafas yo‘llari yallig‘lanishi, hatto qon infeksiyasi (sepsis) kabi xavfli kasalliklarni paydo qilish ehtimoli mavjud.
- Oddiy gerpes virusi (HSV-1): kattalarda og‘iz atrofida mayda suvli pufakchalar hosil qiladi, achishtiradi, ko‘p hollarda xavf tug‘dirmaydi. Ammo yangi tug‘ilgan chaqaloq ushbu virusni yuqtirsa, butun organizmi bo‘ylab tez tarqalib, miya yallig‘lanishi (ensefalit), og‘ir isitma, nafas yetishmovchiligi kabi holatlarga olib keladi.
- Nafas yo‘llari sentitsial virusi (RSV): kattalarda yengil shamollash shaklida kechadi, biroq chaqaloqlarda, ayniqsa, ularning 6 oylikka yetgunicha bo‘lgan davrida bronxiolit, pnevmoniya, nafas olish bilan bog‘liq og‘ir muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Kuz-qish mavsumida RSV bilan kasallanish holatlari keskin oshadi, shuning uchun bu fasllarda chaqaloqlarni odamlar to‘planadigan joylardan uzoqroq tutish tavsiya etiladi.
“Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir xunuk voqeaga ko‘zim tushdi. Chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqishgandan so‘ng, qarindoshlari tabriklagani kelgan. Mehmonlardan birining labiga uchuq (gerpes) toshgan bo‘lgan. Shunga qaramay, u chaqaloqni og‘iz bo‘shlig‘i atrofidan o‘pgan. Voqeadan bir necha kun o‘tib, bola gerpes virusi bilan xastalanib, oxir-oqibat gerpetik insefalit (bosh miya to‘qimalarining yallig‘lanishi)ga uchragan. Hozirda uning ahvoli og‘ir, nogiron bo‘lib qolish xavfi bor”, – deydi Komila Mutalova.
Pediatrlar chaqaloqlarni og‘iz orqali yuqadigan turli virus va infeksiyalardan himoya qilish uchun quyidagilarni tavsiya etadi:
- Eng birinchi navbatda, begona odamlar chaqaloqni o‘pmasligi zarur:
- Yaqin qarindoshlar ham chaqaloqni ko‘tarishidan oldin qo‘lini yuvishi, kasallik alomatlari bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lishi lozim;
- Ota-onaning o‘zi ham bolani o‘pishdan iloji boricha tiyilishi kerak, ayniqsa, chaqaloqning yuzi va lablaridan.
Ma’lumot o‘rnida, ota-ona organizmi chaqaloqniki bilan immunologik jihatdan mos hisoblanadi. Homiladorlik davrida plasenta orqali, tug‘ilgandan so‘ng esa emizish jarayonida bola ona organizmidan passiv immunitet elementlari, xususan, immunoglobulinlar (masalan, IgG va IgA) ni oladi. Bu esa ota-onada mavjud ayrim virus va bakteriyalarga chaqaloq organizmining nisbatan moslashgan bo‘lishini ta’minlaydi. Shuning uchun, ota-onadan yuqadigan mikroorganizmlar aksariyat hollarda chaqaloq uchun yuqori darajadagi xavf tug‘dirmaydi.
Diyoraxon Nabijonova
Mavzuga oid

17:23 / 20.05.2025
Nima qilsa muzqaymoq bolalarning tomog‘ini og‘ritmaydi? – pediatr maslahati

20:49 / 19.11.2024
Toshkent viloyatida salkam 7 kiloli chaqaloq tug‘ildi

16:20 / 26.12.2023
“Chaqaloqning kindigi chiriy boshlagandi” – Andijonda tug‘uruq vaqtida bola va keyinroq onasi ham vafot etgani aytilyapti

20:16 / 28.06.2022