O‘zbekiston | 11:20
1879
3 daqiqa o‘qiladi

Sudyalar oliy kengashida “rekord”: rais vakolat muddati tugashi arafasida 100 dan ortiq tayinlovni amalga oshirdi

Xolmo‘min Yodgorov vakolat muddati tugashi oldidan – 13 ish kunida 7 marta kengash chaqirgan. Bu kutilmagan “rekord natija”. Sababi, kengash odatda bir oyda ko‘pi bilan 2 yoki 3 marta chaqirib kelingan.

Foto: Sudyalar oliy kengashi

Sudyalar oliy kengashi a’zolari 5 yil muddatga saylanadi. Bu “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasi belgilab qo‘yilgan.

2020 yil 5 avgust kuni Sudyalar oliy kengashi raisi etib saylangan Xolmo‘min Yodgorovning vakolat muddati 2025 yil 6 avgustgacha edi. 

Xolmo‘min Yodgorov vakolat muddati tugashi oldidan, ya’ni 2025 yil 15 iyuldan 5 avgustga qadar 7 marta kengash chaqirgan. Bu 13 ish kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Odatda kengash oyda bir, ko‘pi bilan 2 yoki 3 marta o‘tkazib kelingan.

O‘tkazilgan 7 kengashda 100 dan ortiq tayinlov amalga oshirilgan. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi axborot xizmatining xabarlaridan bilish mumkin.   

Jumladan, 15 iyulda o‘tkazilgan kengash yig‘ilishida vakolat muddati yakuniga yetgan 15 nafar sudya ushbu lavozimda bo‘lishning navbatdagi o‘n yilik muddatiga, 2 nafari vakolati muddatiga qayta tayinlangan. 18 iyulda esa 3 nafar sudya ushbu lavozimda bo‘lishning navbatdagi muddatiga, 8 nafari vakolati muddati davriga qayta tayinlangan bo‘lsa, 24 iyulda Sudyalar oliy maktabining 14 nafar bitiruvchisi sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi 5 yillik muddatiga tayinlangan.

25 iyul kuni kengash matbuot xizmati “davom etgan ochiq tanlov” natijasida yana 27 nafar Sudlar oliy maktabi bitiruvchisi sudyalik lavozimiga tayinlangani haqida axborot bergan. Shundan keyin 31 iyul, 4 va 5 avgust kunlari ham kengashning “ochiq tanlov shaklida”gi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tib, ularda 59 nafar nomzod sudyalik lavozimida bo‘lishning turli muddatlariga tayinlangan.

 13 ish kunida 77 nafar nomzod sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddati, 20 nafari yangi muddatga, 37 nafari vakolati muddatiga qayta tayinlangan.

Kun.uz holat yuzasidan Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibidan izoh so‘radi. Unga ko‘ra, bu tayinlovlar orqali bo‘sh turgan lavozimlarni to‘ldirish va sudlarda ish yuklamasini kamaytirish, samaradorlikni oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, kengash raisi ayni paytda ishda emas, dam olishda ekani ma’lum qilindi. 

Mavzuga oid