Jahon | 18:17 / 09.08.2025
3947
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaliklar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi – Zelenskiy

Ukraina rahbari Rossiya va AQSh o‘rtasida muhokama qilinayotgan tinchlik kelishuvi tomonlari o‘rtasida «hududlar almashinuvini» o‘z ichiga olishi mumkinligi haqidagi xabarga munosabat bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 avgust kuni ertalab qilgan videomurojaatida Kiyev Rossiya bilan bo‘lajak ehtimoliy kelishuvda hududlarni boy bermasligini aytdi.

Bir kun avval OAV Vladimir Putin bosib olingan hududlarni Rossiya nazoratida qoldirishni talab qilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

«Ukraina hududlari masalasiga javob allaqachon Ukraina Konstitutsiyasida bor. Bundan hech kim chekinmaydi va chekinolmaydi ham. Ukrainaliklar o‘z yerlarini bosqinchiga sovg‘a qilmaydi», deyiladi Ukraina prezidenti murojaatida.

Zelenskiy, shuningdek, Ukraina ishtirokisiz erishilgan har qanday kelishuvlarni «o‘lik qarorlar» deb atadi:

«Bizga qarshi har qanday qarorlar, Ukrainasiz har qanday qarorlar - bir vaqtning o‘zida dunyoga qarshi qarorlardir. Ular hech narsa bermaydi. Bu o‘lik qarorlar, ular hech qachon ishlamaydi. Bizga esa odamlar hurmat qiladigan haqiqiy, jonli dunyo kerak».

Shuningdek, u yevropalik hamkorlar va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Bu Kiyevning Rossiya va AQSh o‘rtasida muhokama qilinayotgan tinchlik kelishuvi loyihasi mojaro tomonlari o‘rtasida hududlar almashinuvini o‘z ichiga olishi mumkinligi haqidagi xabarlarga birinchi reaksiyasidir.

Bir kun avval Tramp kelishuv «har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lgan» qandaydir «hududlar almashinuvini» o‘z ichiga olishi mumkinligiga ishora qilgan edi. Putin va Tramp 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishi kerak.

Mavzuga oid