O‘zbekiston | 20:44 / 11.08.2025
6431
3 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlarining 3 xodimi korrupsiya ustida qo‘lga olindi

Toshkent xalqaro aeroportida pasport-viza bo‘limi katta inspektori voyaga yetmagan shaxsga hamrohlik shtampini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirish uchun 400 dollar pora olgan paytda ushlandi. U yil boshidan buyon o‘z xizmati uchun pora olgan yana 50 holat aniqlangan.

DXX matbuot xizmati Buxoro va Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida uch nafar ichki ishlar xodimi pora olayotganda qo‘lga tushgani haqida xabar berdi.

Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishini gumonlanuvchiga nisbatan bo‘lgan qismini harakatdan tugatishda yordam berishi evaziga 13 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXXning Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar va prokuratura organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xodim 13 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi qo‘riqlash boshqarmasi Angren shahar bo‘limi safdor xodimi bo‘linma komandiri o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeyidan foydalangan holda mansabdor tanishlari orqali Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 AQSh dollari talab qiladi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda prokuratura organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda safdor xodim oldindan 1000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida IIV Migratsiya va personallashtirish Departamenti Toshkent xalqaro aeroportida pasport-viza bo‘limi katta inspektori mansab vakolatidan foydalangan holda voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqish biometrik pasportiga uni xorijga olib chiqib ketayotgan fuqaroga hamrohlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 400 AQSh dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, katta inspektor 2025 yilning boshidan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston respublikasida bo‘lib turgan 42 nafar chet ellikning har biridan 300-700 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, ularga chiqish vizasini, shuningdek, O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosiga hamrohlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 200-400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida olgani ham aniqlandi.

Hozirda ushbu qonun himoyachilariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid