Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, kuzatilmayotgan iqtisodiyot ulushi 2019 yildagi 45-50 foizdan hozirda 35 foizga tushdi. Lekin hali buni yanada kamaytirish zarur. Taqdimotda shu boradagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Mutasaddilar yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillar va ularni bartaraf etish choralari bo‘yicha axborot berdi.
Bunda eng samarali yo‘l ilg‘or texnologiyalar asosida yangicha yondashuvlarni joriy qilish ekani ta’kidlandi. Masalan, Toshkent shahrida jamoat transporti to‘liq avtomatlashgan to‘lovga o‘tkazilgani natijasida, aslida, yo‘lovchilar soni 30 foizga ko‘p ekani ko‘ringan. Yoki raqamlashtirilgan dehqon va buyum bozorlarida tushum 2-3 karra oshayapti.
Shunday tizimni qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport, savdo va xizmatlar kabi yashirin iqtisodiyot ulushi yuqori bo‘lgan sohalarda ham joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Lisenziya va ruxsatnoma berish jarayonlari hamda muddatlarini qayta ko‘rib chiqib, inson omilini keskin qisqartirish va barcha qadamlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlar ko‘p duch keladigan soliq, bank, bojxona, kommunal, sertifikatlash kabi sohalarda korrupsiyaga yo‘l ochayotgan omillarga chek qo‘yish zarurligi aytildi.
Naqdsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish, to‘lov tizimi operatorlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbari faqat nazoratni kuchaytirish bilan yashirin iqtisodiyotni jilovlab bo‘lmasligini, aholi va tadbirkorlarning soliq madaniyatini oshirib, to‘g‘ri ishlaganlarni rag‘batlantirish yo‘lidan borish kerakligini ta’kidladi.
Soliq ma’murchiligini takomillashtirish va raqamlashtirish, biznesga qo‘shimcha yengilliklar berish, mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid

23:51 / 11.08.2025
Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun maxsus huquqiy rejim joriy etiladi

19:43 / 09.08.2025
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon prezidentini tarixiy kelishuv bilan tabrikladi

22:00 / 08.08.2025
Toshkentda bu yil 374 km elektr tarmog‘i, 11 ta nimstansiya va 62 ta transformator yangilanadi

20:44 / 08.08.2025