Jahon | 10:33 / 11.11.2022
6366
4 daqiqa o‘qiladi

Ekspertlar: CO2’ning atmosferaga chiqishi hajmi o‘sishda davom etyapti

Atmosferaga karbonat angidrid chiqarilishi pandemiya davridagi pasayishning o‘rnini to‘ldirishda davom etmoqda. Agar hozirgi tendensiya davom etsa, 9-10 yil ichida global haroratning o‘sishi belgilangan me’yordan oshadi. 

Foto: landagent

Qazib olinadigan yoqilg‘ilar - ko‘mir, neft va tabiiy gazning yonishi natijasida karbonat angidrid (CO2)ning atmosferaga chiqarilishi hajmi o‘sishda davom etmoqda. Bu haqdagi hisobot 10 noyabr kuni Misrning Sharm al-Shayx shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 27-konferensiyasida (COP27) Global Carbon Project xalqaro tadqiqot loyihasi ekspertlari tomonidan taqdim etilgan. 

Mutaxassislarning fikricha, qazib olinadigan yoqilg‘ilarni yoqish natijasida 2022 yilda 2021 yilga nisbatan CO2 1 foizga ko‘p ajralib chiqadi. Qizig‘i shundaki, Xitoyda tegishli ko‘rsatkich 0,9 foizga, Yevropada esa 0,8 foizga kamayadi. Ammo AQShda ular 1,5 foizga, Hindistonda 6 foizga, dunyoning qolgan qismida esa 1,7 foizga oshadi. 

Joriy yilda ko‘mir yoqilishi natijasida atmosferaning uglerod bilan ifloslanishi o‘tgan yilga nisbatan 1 foizga oshadi. Neft va neft mahsulotlarini yoqish samarasi 2 foizga oshadi, tabiiy gazni yoqish samarasi esa, aksincha, 0,2 foizga kamayadi. Hisobotda aytilishicha, bugungi kunda CO2 chiqarilishining taxminan 40 foizi ko‘mirni yoqish, 33 foizi neft va 22 foizi gazni yoqish natijasida yuzaga keladi.

Parnik gazlarning chiqarilishi global hajmi 10-15 yil oldingiga qaraganda sekinroq o‘sib bormoqda. Biroq, ular hali ham ko‘tarilishda davom etyapti, ya’ni global haroratning oshishini sanoat davri boshlanishidan oldingi darajaga nisbatan 1,5 darajadan pastroq ushlab turish mumkin bo‘lmaydi. Bu 2015 yilda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvida belgilangan maqsaddir. 

«1,5 daraja belgisini ushlab turish vaqti tugayapti», deydi Ekseter universiteti iqlimshunosi va hisobotning yetakchi muallifi Per Fridlingsteyn. «Bu shuni anglatadiki, biz ushbu belgidan oshib ketishga va dunyoni hali ko‘rmagan tarzda o‘zgartirishga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», deydi uning Prinston universitetidan bo‘lgan hamkasbi Maykl Oppengeymer, u tadqiqotda ishtirok etmagan. Har ikki mutaxassisning so‘zlarini AP agentligi keltirgan. 

Global haroratning ko‘tarilishi dunyo okeanlari sathining yanada oshishiga olib keladi, bu millionlab odamlarni uy-joyidan mahrum qilishi, shuningdek, qurg‘oqchilik, haddan tashqari issiqlik, sunami, suv toshqinlari va ko‘chkilar kabi falokatli tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelishi mumkin. 

Hisobot mualliflari umumiy holatni murakkablashtirgan ikkita omilni ta’kidladilar. Ulardan birinchisi COVID-19 pandemiyasi bo‘lib, u 2020 yilda global CO2 chiqarilishining 5 foizdan ortiq pasayishiga olib keldi. Biroq, o‘shandan beri bu ko‘rsatkich ancha oshdi. Bu qisman, turli mamlakatlarda pandemiya cheklovlarining bir qismi olib tashlanganidan so‘ng, yakkalanishdan chiqqan odamlar ko‘proq sayohat qilishni boshlagani bilan bog‘liq - bu transport chiqindilarini ko‘paytirdi. 

Ikkinchi omil - Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi natijasida yuzaga kelgan global energetika inqirozi. U ko‘plab mamlakatlarni energetika sohasiga e’tiborini o‘zgartirishga majbur qildi. Misol uchun, Germaniya Rossiya gazini yetkazib berishni to‘xtatish kontekstida 2030 yilgacha ko‘mir energetikasini bosqichma-bosqich to‘xtatish rejalaridan voz kechishi va ilgari to‘xtatilgan ko‘mir elektr stansiyalarini qayta ochishi kerak edi. 

Mavzuga oid