Jahon | 22:58 / 26.05.2025
6635
2 daqiqa o‘qiladi

Parijdagi auksionda Napoleonning qilichi 4,7 mln yevroga sotildi

Kimoshdi savdosi orqali sotilgan qilich Napoleonning shaxsiy quroli bo‘lgan va keyinchalik imperator uni marshal Emmanuel de Grushiga sovg‘a qilgan.

Foto: Drouot / Giquello

Parijda Fransiya imperatori Napoleon I Bonapartning qilichi 4,7 million yevroga sotildi. Bu haqda Hotel Drouot kimoshdi maydonchasiga tayanib, Le Figaro xabar berdi.

Qayd etilishicha, qurol dastlab 700 ming yevrodan 1 million yevrogacha baholangan va u «Napoleonning auksionda sotilgan eng qimmat artefaktlaridan» biriga aylangan.

«Summa 2007 yilda 4,8 million yevroga sotilgan Marengo jangidagi qilich rekordiga yaqinlashdi», — deyiladi xabarda.

Kimoshdi savdosi orqali sotilgan qilich Napoleonning shaxsiy quroli bo‘lgan. Bonapart 1802-1803 yillarda Versal manufakturasi direktori Nikolya-Noel Butedan qurol buyurtma qilgan. Imperator bo‘lganidan keyin ham Napoleon I qilichni hukmronligining oxiriga qadar saqlagan. Keyin esa uni marshal Emmanuel de Grushiga sovg‘a qilgan. Shundan buyon qurol harbiy sarkardaning avlodlari tomonidan saqlab kelingan.

Auksionda sotilgan mazkur qilichning ikkinchi nusxasi Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Bonapartning parad qilichi va 5 ta to‘pponchasi 2,87 million dollarga sotilgan edi. Napoleon ushbu qurollardan 1799 yildagi davlat to‘ntaruvi vaqtida foydalangan.  

Mavzuga oid