O‘zbekiston | 14:59 / 27.05.2025
2767
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Italiya: 33 yillik munosabatlarga nazar

O‘zbekistonning Yevropadagi strategik sheriklaridan biri – Italiya bosh vaziri Jorja Meloni 28-29 may kunlari Samarqandda bo‘ladi.

Bugungi dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar keskin tus olgan bir paytda, O‘zbekiston ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosat yuritib, barcha mintaqa va yetakchi mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikni mustahkamlab bormoqda. Bu jarayonda Yevropadagi muhim siyosiy va iqtisodiy mavqega ega Italiya bilan munosabatlar alohida ahamiyatga ega.

Italiya bosh vaziri Jorja Melonining kutilayotgan rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishi kutilmoqda.

Italiya — Yevropadagi hamkor

Italiya O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasida «yashil» energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, ta’lim va turizm sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Italiya — Markaziy Osiyo muloqoti doimiy ravishda faollashib borayotgani ham ikki tomonlama aloqalarning kengayib borayotganidan dalolat beradi. Turin politexnika va Piza universitetlarining Toshkentdagi filiallari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari forumi, Rim va Viarejoda tashkil etilgan «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bunga yorqin misoldir.

Munosabatlar rivojining ikkinchi bosqichi

O‘zbekiston va Italiya munosabatlarini shartli ravishda ikki bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich — 1992 yilda Italiya O‘zbekiston mustaqilligini tan olganidan so‘ng shakllangan dastlabki diplomatik aloqalardir. 1998 yilda O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi ochildi, keyinchalik Milan, Florensiya, Toskana, Liguriya va Umbriyada faxriy konsulliklar tashkil etildi.

Ikkinchi bosqich — 2023 yildan boshlangan yuqori darajadagi faol siyosiy muloqotlardir. Shavkat Mirziyoyevning 2023 yilda Italiyaga rasmiy tashrifi vaqtida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. O‘sha yilning noyabrida Prezident Serjo Mattarella O‘zbekistonga javob tashrifini amalga oshirdi. Shuningdek, parlamentlararo, hududlararo va vazirliklar darajasidagi hamkorlik mexanizmlari faollashdi.

Institutsional va madaniy aloqalar

1999 yildan beri savdo-iqtisodiy, sanoat kooperatsiyasi va eksport kreditlari bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. 1998 yilda tashkil etilgan «O‘zbekiston-Italiya» do‘stlik jamiyati, 2005 yilda Italiya parlamenti tashabbusi bilan tashkil etilgan do‘stlik va hamkorlik assotsiatsiyasi, 2011 yildan ish boshlagan parlamentlararo hamkorlik guruhi munosabatlar institutsionallashganidan dalolat beradi

Madaniy aloqalar ham chuqurlashib bormoqda: 2023 yil Florensiyada Mirzo Ulug‘bek madaniy-ma’rifiy markazi ochildi, Pesaroda «O‘zbekiston madaniyati haftaligi» o‘tkazildi. Shu yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 502,5 million AQSh dollarini tashkil etdi. Toshkent–Milan aviaqatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Hududlararo hamkorlik

Ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi yo‘nalishlardan biri — hududlararo hamkorlik va sanoat kooperatsiyasidir. Jumladan, 2025 yilda Italiyaning Rejjo-Emilya viloyatidagi kompaniya va Namangan viloyati hokimligi hamkorligida Chust tumanida bazalt xomashyosini qayta ishlash asosida issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha "Gamma Meccanica SpA" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Bu loyiha nafaqat qishloq xo‘jaligi sohasi uchun muhim texnologiyalarni joriy etish, balki mahalliy ishlab chiqarish va eksport salohiyatini ham oshirish imkonini beradi.

Yangi imkoniyatlar eshigi

Jorja Melonining tashrifi nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona aloqalarning yanada mustahkamlanishi, balki ularni yangi bosqichga ko‘tarish, investitsiyaviy va savdo hamkorligini kengaytirish, ta’lim va texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarni amalga oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

O‘zbekiston uchun bu tashrif Yevropa bilan yaqinroq hamkorlik qilish, xorijiy sarmoyadorlar uchun yangi sharoitlar yaratish, biznes muhitini takomillashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlarning Italiya bozorlariga chiqishi uchun zamin yaratadi.

Sayfiddin Jo‘rayev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori

Mavzuga oid