Jahon | 20:36 / 02.06.2025
13882
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina – Rossiya muzokaralarining ikkinchi raundi yakunlari e’lon qilindi

Muzokaralarda jiddiy siljish, sulh yoki o‘t ochishni uzoq muddatga to‘xtatish kelishuvi bo‘lmadi. Tomonlar asirlar va halok bo‘lganlarning jasadini almashishga kelishib oldi.

Foto: Adem Alatan / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya va Ukraina 2 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda og‘ir kasal va og‘ir yarador harbiy asirlar, shuningdek, 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan asirlarni almashishga kelishib oldi. Bu haqda Ukraina delegatsiyasi rahbari, mamlakat mudofaa vaziri Rustem Umerov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, tomonlar o‘lganlarning jasadlarini «6000 ga 6000» formatida almashishga ham kelishib olgan.

Umerov Rossiya tomoni Kiyevga urushni tugatish shartlari haqidagi memorandumini topshirganini tasdiqladi. Uning qayd etishicha, Ukraina hujjatni o‘rganish va keyingi qadamlar haqida qaror qabul qilish uchun 1 hafta muhlat so‘ragan.

Mudofaa vaziri, shuningdek, Ukraina delegatsiyasi Rossiyaga 20 iyundan 30 iyungacha navbatdagi uchrashuv o‘tkazishni taklif qilganini aytdi. «Bu muzokaralar jarayonida muvaffaqiyatga erishish uchun nihoyatda muhim», dedi Umerov.

Shu bilan birga, uchrashuvdan so‘ng, Ukraina prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak Rossiya tomoniga qaytarish talab qilingan yuzlab ukrainalik bolalar ro‘yxati ham topshirilganini ma’lum qildi.

Istanbuldagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Ukraina bilan muzokaralar chog‘ida Rossiya frontning ma’lum qismlarida ikki-uch kunlik sulh tuzishni taklif qilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning jasadini yig‘ish maqsadida qisqa muddatli o‘t ochishni to‘xtatish taklif qilinmoqda.

Medinskiy Rossiya Ukrainaga 6000 nafar ukrainalik askarning jasadini topshirishini ma’lum qildi.

«Biz bir nechta amaliy masalalarni hal qildik. Birinchidan, biz halok bo‘lgan 6000 nafar Ukraina askarlari va ofitserlarining muzlatilgan jasadini bir tomonlama tartibda Ukraina tomoniga topshirmoqdamiz. Ular bizda saqlanyapti. Biz DNK tahlillarini o‘tkazdik, ularning shaxsini aniqladik. Bu jasadlarni dafn qilish uchun keyingi haftada Ukrainaga topshiramiz. Bizga ham jasadlar topshiriladimi, bilmayman, agar topshirilsa, qabul qilamiz», dedi Rossiya delegatsiyasi rahbari.

Shuningdek, u tomonlar og‘ir yaradorlar va 25 yoshgacha bo‘lgan mahbuslarni almashishga kelishib olganini tasdiqladi.

Medinskiy, shuningdek, Ukraina tomoni qaytarilishini talab qilayotgan Kiyevdan olingan ukrainalik bolalar ro‘yxatini ham ko‘rsatdi. Unda 339 ta nom mavjud. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya birorta ham bolani o‘g‘irlamagan va agar ularning qonuniy vakillari topilsa, bolalarni qaytarib beradi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina bolalarni o‘g‘irlash mavzusidan «rahmdil yevropaliklar uchun shou» tayyorlagan.

2 iyun kuni Istanbulda Rossiya-Ukraina muzokaralarining ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yopiq eshiklar ortida bir soatdan sal ko‘proq davom etdi.

Mavzuga oid