Britaniyalik 2 yoshli bola Mensa tarixidagi eng yosh dahoga aylandi
Bola hozirda Morze alifbosini o‘rganmoqda, u yunon alifbosini biladi va shaxmat o‘ynay oladi. Mensa klubiga a’zo bo‘lish uchun IQ darajasi kamida 132 bo‘lishi kerak.

Foto: Daily Star
Buyuk Britaniyada yashovchi Jozef Harris-Bertill 2 yoshu 182 kunligida Mensa — IQ darajasi yuqori bo‘lgan insonlar xalqaro klubining eng yosh a’zosiga aylandi, deb xabar beradi Daily Star.
Mensa klubiga a’zo bo‘lish uchun IQ darajasi kamida 132 bo‘lishi kerak, sayyoradagi insonlarning faqat 2 foizi shunday ko‘rsatkichga ega.
Ikki yoshli Jozef Harris-Bertill rekord darajadagi IQ ko‘rsatkichiga ega bo‘lib, o‘z yoshi uchun g‘ayrioddiy qobiliyatlarni namoyon qilmoqda — u Morze alifbosini o‘rganyapti, yunon alifbosini biladi va shaxmat o‘ynaydi.
Bolaning ota-onasi uning bilimlari tengdoshlariga nisbatan ancha ustun ekanini payqab, bu holatni o‘rganib chiqqanidan keyin Mensa — yuqori intellekt egalari jamiyatiga murojaat qilgan.
«Men internetdan har qanday qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlovni qidirdim va Mensa yuqori qobiliyatga ega bolalar uchun resurs hamda a’zolik taklif qilishini ko‘rib qoldim», — deydi Rouz Harris-Bertill.
Bolaning ota-onasiga ko‘ra, Jozef yetti oyligidayoq birinchi so‘zini aytgan 1 yosh 9 oyligida esa birinchi kitobini o‘qigan.
Kichik dahoning ota-onasi olimlar bo‘lib, ular Sent-Endryus universitetida ishlaydi: otasi Devid — katta o‘qituvchi, onasi Rouz esa shu universitetning faxriy katta o‘qituvchisi.
Jozefning qiziqish doirasi kengayishda davom etmoqda. Ota-onasining aytishicha, u endilikda davriy jadvalga qiziqib qolgan. Shuningdek, yangi so‘zlar va murakkab atamalarni o‘rganishga ham ishtiyoqi katta.
«Har bir inson butun hayoti davomida mos rag‘bat va tushunishga muhtoj. Afsuski, iqtidorli o‘quvchilarning noyob iste’dodlari ko‘pincha ular uchun mo‘ljallanmagan muhitga moslashishga majbur qiladigan bosim tufayli yo‘qqa chiqarilishi mumkin», — deydi bolaning onasi.
Mavzuga oid

16:51 / 06.01.2025
O‘zbekiston aql darajasi reytingida yuqoriladi

18:53 / 26.02.2024
IQ darajasi bo‘yicha mamlakatlar reytingi tuzildi

16:50 / 25.07.2023
IQ darajasi bilan Eynshteyn va Hokingni ham ortda qoldirgan 11 yoshli vunderkind

14:23 / 30.10.2022