Iqtisodiyot | 09:02 / 04.06.2025
10842
7 daqiqa o‘qiladi

Jamshid Qo‘chqorov – energotariflar oshishi, iqtisodiy o‘sish va tashqi qarzlar haqida

O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oshiriladi. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz nega oshayotganiga izoh berdi. Kambag‘al oilalarga isitish mavsumidagi energetika xarajatlari uchun 1 mln so‘mdan pul beriladi. Kun.uz videosharhida ana shu yangiliklar haqida so‘z boradi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

1 iyul va 1 avgustdan

3 iyun kuni e’lon qilingan prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar, 1 avgustdan boshlab esa oyliklar 10 foizga ko‘tariladi.

Kelasi oydan e’tiboran, yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 918 ming so‘m, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 mln 12 ming so‘m, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori: 3 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun – 360 ming so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzand uchun – 275 ming so‘m; oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 ming so‘m; oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 ming so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, 1 iyuldan boshlab kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 ming so‘mni tashkil qiladi.

2025 yil 1 avgustdan e’tiboran, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 271 ming so‘m deb belgilanadi. Bu miqdor hozirda 1 mln 155 ming so‘mga teng.

Bundan tashqari, 1 avgustdan boshlab, bazaviy hisoblash miqdori va unga bog‘langan jarimalar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar ham oshadi. BHMning yangi miqdori 412 ming so‘m bo‘ladi. Hozir bu miqdor 375 ming so‘mga teng.

Xususiy sektorda ishlovchi fuqarolarimizning ham to‘lov qobiliyatlarini rag‘batlantirish uchun ish beruvchilarga ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorlarda to‘lash tavsiya etiladi”, – deyiladi farmonda.

Oxirgi marta ish haqi, pensiya va nafaqalar 2024 yil 1 sentabrda 15 foizga oshirilgandi. Stipendiyalar esa oxirgi marta 2021 yilda oshirilgan va shundan beri, 4 yil davomida o‘zgarmay kelayotgandi. Oliy ta’lim muassasalaridagi to‘lov-kontrakt miqdorlari esa o‘tgan yili sentabrda 15 foizga ko‘tarilgan.

Vazir – tariflar oshgani haqida

Oyliklar va pensiyalar oshirilishi haqidagi farmon e’lon qilinishidan oldin, hujjatni bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Qonunchilik palatasi yig‘ilishidagi chiqishida anons qilgan edi. U o‘z chiqishida 1 maydan energetika tariflari oshirilgani haqida ham gapirib, 200 kWh'gacha bo‘lgan bazaviy me’yor uchun tarif 450 so‘mdan 600 so‘mgacha oshirilgani, lekin 200 kWh'dan 500 kWh'gacha iste’mol uchun tarif 900 so‘mdan 800 so‘mga pasaytirilganiga urg‘u berdi.

Oila oyiga 300 kWh energiya iste’mol qilsa, uning xarajatlari 20 ming so‘mga oshyapti. Tariflaring past miqdorda oshganiga qaramay, ijtimoiy yordam ko‘zda tutilyapti. Oila daromadi 1 mln so‘mdan kam bo‘lsa, 200 kWh'dan tashqari 150 kWh elektr energiyasi iste’mol qilsa, 150 kWh uchun to‘lov kompensatsiya qilib beriladi. Ya’ni kam ta’minlangan oilaga 30 ming so‘mgacha to‘lab beriladi. Shunday qilib, kambag‘al oilalar xarajati oshmaydi”, – dedi vazir.

Jamshid Qo‘chqorov o‘rtacha oila yoz oyida 500 kWh elektr iste’mol qilsa, 201 kWh'dan 500 kWh'gacha oraliqdagi iste’mol uchun tariflar pasaytirilgani sabab oilaning oylik xarajati o‘zgarmay qolishini ta’kidladi.

Hukumat vakiliga ko‘ra, ijtimoiy reyestrga kirgan 950 mingta oilaga tariflar oshishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun qish kelishidan oldin, noyabr oyida 1 mln so‘mdan kompensatsiya beriladi. Bu yordam gazga ulanmagan joylarda yashovchilarga ham taalluqli bo‘ladi, dedi Qo‘chqorov.

Budjet hisoboti

Aholi daromadlari 8,1 foizga, chakana aylanmalar 9,9 foizga, asosiy kapitalga investitsiyalar 27,6 foizga, oltinsiz eksport 16,5 foizga oshgan va bu yalpi talabni rag‘batlantirgan.

2024 yil yakuni bo‘yicha konsolidatsiyalashgan budjet xarajatlari 429,3 trln so‘mni tashkil etib, taqchillik 47,7 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 3,3 foizni tashkil etgan. 2025 yil 1-choragida esa iqtisodiy o‘sish 6,8 foiz bo‘lgan. 1-chorakda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 97,2 trln so‘mni, xarajatlar 113,8 trln so‘mni tashkil qilib, budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 1 foizga teng bo‘lgan.

Tashqi qarzlar

Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, bu masalaga izoh berdi.

Davlat qarzi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lyapti. O‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Tashqi investitsiyalar, DXSh asosidagi loyihalardan ham mablag‘lar ham kirib kelyapti. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, ichimlik suvi, yo‘l, infrastruktura, shuningdek, mudofaa qobiliyati, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini tashqi qarz evaziga qoplashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning istalgan eng chekka hududlarida ham uy-joylarni tadbirkorlar quryapti. Tadbirkorlarda odamlar ipoteka olib, uyni sotib oladi, degan ishonch bor. Ipoteka muddati uzoq va banklarni ipoteka bilan qoplash mablag‘lari ham chet eldan olib kelinadi. Bu tashqi qarz mablag‘larimiz oshishiga olib keladi”, – dedi vazir.

Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, 2024 yil oxirida davlat qarzi qoldig‘i 40,2 mlrd dollarni tashkil qilgan, shundan 33,7 mlrd dollari tashqi qarzlar bo‘lgan. Davlat zimmasidagi jami qarzdorlik o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha YaIMga nisbatan 35 foizni tashkil etgan.

1-chorak yakunlari bo‘yicha, ya’ni 1 aprel holatiga, O‘zbekiston Respublikasining qarzlari 42,4 mlrd dollarga yetgan. Shundan 35,6 mlrd dollari tashqi qarz, 6,9 mlrd dollari ichki qarzdir. Davlat tashqi qarzi 2025 yilda kutilayotgan YaIMga nisbatan 33,5 foizni tashkil qildi. “Har bir dollar qarz olishga nihoyatda sinchkovlik bilan qaraladi”, – dedi iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov.

Mavzuga oid