Sport | 09:36 / 05.06.2025
19974
6 daqiqa o‘qiladi

40 yoshli Ronaldu Portugaliyani Millatlar ligasi finaliga olib chiqdi

Portugaliya kambek amalga oshirib, 25 yil ichida ilk bor Germaniyani mag‘lub etdi. Endi Millatlar ligasi finalida yanada qiyin sinov kutmoqda.

Foto: Lars Baron/2025 Getty Images

Yevropa Millatlar ligasi, yarim final
Germaniya – Portugaliya 1:2
Gollar: 
Virts 47 – Konseysau 63, Ronaldu 68.
Germaniya: Ter Shtegen, Anton (Nmecha 71), Kox, Ta, Kimmix, Goretska, Voltemeyd (Fyulkurg 60), Virts, Middelshtadt (Gosens 60), Sane (Gnabri 60), Pavlovich (Adeyyemi 71).
Portugaliya: Koshta, Nevesh (Semedu 58), Diash, Inasio, Mendesh, R.Nevesh (Vitiniya 58), Fernandesh, Silva, Trinkao (Konseysau 58), Netu, Ronaldu (Paliniya 90).
Ogohlantirishlar: Ta 80, Virts 84, Fyulkurg 85 – Martines 58, Nevesh 58, Diash 85.

Mavsum oxiriga kelib Myunxen Yevropa futboli poytaxtiga aylandi. O‘tgan haftaning shanba kuni bu yerda Chempionlar ligasi finali o‘tkazilgandi, chorshanba oqshomida esa Millatlar ligasining «To‘rtlar finali» start oldi. Bir necha kun oldin bu yerda asosiy yevrokubokni ko‘targan futbolchilardan ikkisi ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi, Vitinyani esa Portugaliya ustozi Roberto Martines zaxirada qoldirdi. Agar Nunu Mendesh o‘zi uchun odatiy bo‘lgan chap qanot laterali pozitsiyasida harakat qilgan bo‘lsa, «PSJ»da maydon markazini betonlashga mas’ul bo‘lgan Joau Neveshni mudofaaning o‘ng qanotiga yuborishga to‘g‘ri keldi – Diogu Dalotning salomatligida muammo yuzaga kelgandi. Mohiyatan, bu portugallar tarkibidagi yagona syurpriz edi. Ko‘pchilik o‘ynashini kutgan Rafael Leau esa bu mavsumda Pedru Netudan yorqinroq o‘ynamayapti va boshlang‘ich tarkibdagi o‘rnini «Chelsi» vingeriga bo‘shatib berdi.

Va aynan Netu og‘ir jarohatdan tuzalib safga qaytgan ter Shtegen darvozasi qarshisida ilk xavfli vaziyatni yaratdi, ammo to‘p biroz yuqoridan o‘tib ketdi. Keyin esa Krishtianu Ronaldu yerlatib yaqin burchakka zarba yo‘llagan holda raqib darvozabonini sinovdan o‘tkazdi.

Nik Voltemade. Foto: Alexander Hassenstein/Getty Images

Portugallarning o‘yin boshidagi bosimiga dosh bergan nemislar asta-sekin o‘yinni Koshtu qo‘riqlayotgan darvoza atrofiga ko‘chira boshladi. Shu kuni Xavers va Klyayndinstning jarohati tufayli Germaniya milliy jamoasi safida «Shtutgart» hujumchisi, 198 santimetrlik Voltemade debyut qildi va aynan u taxminan 13 metr masofadan turib xavfli zarba yo‘lladi. Keyin esa Pavlovich Inasiu bilan to‘qnashuvdan keyin jarima maydoni ichida yiqildi – bosh hakam Vinchich e’tibor qaratmadi. Goretska ikki bor golga yaqin keldi – «Portu» darvozaboni yaxshi reaksiya ko‘rsatdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida esa jamoalar nisbatan zerikarli o‘tgan birinchi bo‘lim uchun muxlislarga kompensatsiya to‘lashni boshladi. Ronaldu Mendeshning uzoq ustun tomon uzatmasini golga aylantira olmagan bo‘lsa, shu kuni Germaniya milliy jamoasi safida 100-o‘yinida maydonga tushgan nemislar sardori Yozua Kimmih jamoaning bo‘lajak yetakchisi Florian Virs bilan birgalikda ajoyib kombinatsiya uyushtirdi. Bavar futbolchisining «parashyut» uslubidagi pasi golli hujumning bezagi bo‘ldi, Virs esa o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda bosh bilan gol urdi. Bunday zarba berishi kutilgan Voltemade esa bu vaqtda Ruben Diashni blokirovka qilish bilan mashg‘ul edi. Portugaliyalik futbolchilar va ularning ustozi Roberto Martines gol bekor qilinishiga erishishga harakat qilishdi, hakam monitor qarshisiga borib, videotakror ko‘rib chiqdi, ammo qarorini o‘zgartirmadi va ispaniyalik mutaxassisning hissiyotlarini sariq kartochka bilan jazoladi.

Portugallar jahl otiga mindi va katta ishtiyoq bilan to‘p sura boshladi. Martines birdaniga uch futbolchi almashtirdi va yakunda bu futbolchilarning barchasi ishonchni oqladi. Nelson Semedu (Joau Neveshdan farqli o‘laroq) baribir o‘ng qanot laterali edi, Vitinya jamoa o‘yiniga ijodkorlik qo‘shdi va to‘pni tezroq harakatlantirib, maydon markazidagi ustunlikni ta’minladi, Fransishku Konseysau esa chiroyli goli bilan hisobni tenglashtirdi. Yosh futbolchi o‘ng qanotda oldinga yurdi, markazga ko‘chdi va raqib safida zaxiradan tushgan futbolchi Gozensdan qochib ketib, aylanma zarbasi bilan to‘pni olis burchakka aniq yo‘naltirdi.

Asosiysi – Portugaliya o‘yinni o‘z nazoratiga oldi va nemislarga o‘ziga kelishiga yo‘l qo‘ymasdan, ikkinchi golni ham urdi. Mendesh – Ronaldu bog‘lami bu safar namunali ish berdi.

Krish amalda bo‘sh darvozaga gol urdi. To‘rt yil muqaddam ham u Myunxenda nemislar darvozasini ishg‘ol etgandi, ammo o‘shanda – Yevro-2020 turniri guruhida – Portugaliya yutqazgandi (2:4). Endi esa Myunxen stadioniga yig‘ilgan muxlislar uning nomini qo‘shiq qilib kuylay boshladi. 40 yoshli forvard o‘z jamoasini yana bir sovringa yaqinlashtirdi. Chorak asr davomida portugallarga yutqazmagan Germaniyaga bu safar devorlar ham yordam berolmadi.

Finalda Krishtianu va kompaniya yoki Ispaniya, yoki Fransiya bilan o‘ynaydi. Bu o‘yinda ular favorit emas. Lekin yarimfinalda ham favorit emasdi va bu ularga finalga o‘tishga xalal bermadi.

Mavzuga oid