Iqtisodiyot | 14:40 / 20.06.2025
3369
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda tashqi qarz olish limitlariga rioya qilish kerak – XVJ

Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati tashqi qarz olish bo‘yicha belgilangan limitlarga qat’iy rioya qilishi va oltin narxlarining yuqoriligi sharoitida prosiklik fiskal siyosatdan cheklanishi kerak. Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash uchun tarkibiy va institutsional islohotlar sur’atini davom ettirish talab etiladi.

Foto: Reuters

Xalqaro valuta jamg‘armasi o‘z ustavining IV moddasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan yillik konsultatsiyasini yakunladi.

XVJ ekspertlariga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy barqarorlik saqlanib qolyapti. Xususan, 2024 yilda YaIM o‘sishi 6,5 foizni, 2025 yilning birinchi choragida 6,8 foizni tashkil etdi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi pul o‘tkazmalari, oltin bilan bog‘liq bo‘lmagan eksportning o‘sishi, xomashyo narxlarining ijobiy dinamikasi va 2023 yilda importning bir martalik ko‘tarilishi ta’sirining tugashi tufayli 2024 yilda YaIMga nisbatan 2,6 foiz bandga qisqarib, 5 foiz atrofida shakllandi. Xalqaro zaxiralar yuqoriligicha qolyapti. 2024 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YaIMga nisbatan 1,7 foiz bandga qisqarib, 3,2 foizni tashkil etdi.

Global savdo siyosati bo‘yicha noaniqliklarning kuchayishiga qaramay, bazaviy ssenariyga ko‘ra, real yalpi ichki mahsulotning o‘sishi barqaror bo‘lib qolishi va joriy hamda kelgusi yilda taxminan 6 foizni tashkil etishi prognoz qilinyapti.

2027 yil oxiriga kelib inflatsiya Markaziy bankining maqsadli ko‘rsatkichi – 5 foizgacha pasayishi mumkin. Bu qat’iy pul-kredit siyosati va xarajatlarni cheklashga bog‘liq bo‘ladi.

Jamg‘arma ekspertlarining ta’kidlashicha, 2025-2026 yillar davomida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi 5 foiz yoki undan biroz past darajada saqlanib qolishi, xalqaro zaxiralar esa 2026 yil oxirigacha 9,2 oylik importni qoplash darajasida bo‘lishi mumkin.

«Rivojlanish istiqbollarining yomonlashuvi bilan bog‘liq xatarlarga savdo siyosati bilan bog‘liq davomiy va keskin shoklar, xomashyo narxlari o‘zgaruvchanligining oshishi, tashqi moliyalashtirish va davlat korxonalari va banklari, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik shartli majburiyatlarining qat’iylashtirilishi kiradi. Tarkibiy islohotlarning jadallashuvi, daromadlar va kapital oqimining ko‘payishi, shuningdek, xomashyo narxlarining qulay dinamikasi bilan bog‘liq imkoniyatlar ijobiy kutilmalar bo‘lib qolyapti», deyiladi maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha bayonotda.

XVJ O‘zbekiston hukumatiga qator tavsiyalarni bergan:

  • makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash hamda barqaror va izchil o‘sishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jamg‘armaning texnik ko‘magi yordamida tarkibiy va institutsional islohotlar sur’atini davom ettirish;
  • inflatsiyani pasaytirishni qo‘llab-quvvatlash uchun tashqi qarz olish limitlariga rioya qilish va oltin narxining yuqoriligi sababli davlat xarajatlarining protsiklikligiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • budjet imkoniyatlarini yaratish maqsadida soliqlarning YaIMga nisbatini va xarajatlar samaradorligini oshirish;
  • davlat banklarining tijorat yo‘nalishini va ularning korporativ boshqaruvini kuchaytirish, direktiv va imtiyozli kreditlashdan bosqichma-bosqich voz kechish;
  • narxlar va savdoni liberallashtirishni yakunlash, davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlashni bosqichma-bosqich to‘xtatish va xususiylashtirishni jadallashtirish, shuningdek, uni ilg‘or xalqaro amaliyotga muvofiq amalga oshirish.

 

Mavzuga oid