O‘zbekiston | 19:16 / 20.06.2025
2798
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ko‘kdala tumani markazidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Qashqadaryo viloyatidagi ushbu tuman davlat rahbari tashabbusi bilan uch yil avval tashkil etilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani ma’muriy markazidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Ushbu tuman aholiga qulaylik yaratish, urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish maqsadida davlat rahbari tashabbusi bilan uch yil avval tashkil etilgan edi.

Bugun Yettitom yaqinida yangi shahar paydo bo‘lmoqda. Avvalo, 120 kilometr suv, 210 kilometr elektr tarmog‘i qurilib, zarur infratuzilma yaratildi. Yo‘llar kengaytirib, ta’mirlandi. Ma’muriy binolar, 19 ta maktab, 22 ta bog‘cha, ko‘p tarmoqli shifoxona va oilaviy poliklinika barpo etildi. Bu yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlangan.

Prezident Ko‘kdaladagi bunyodkorlik, bunday yaxlit va mutanosib sharoitlar barcha tumanlar uchun namuna ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari tuman markazidagi Yettitom kichik sanoat zonasida ham bo‘ldi.

To‘rt gektar maydonda to‘qimachilik, oziq-ovqat, qurilish va xo‘jalik mollari kabi yo‘nalishlarda qiymati 10 million dollarlik to‘qqizta kichik loyiha joylashtirilgan. 600 dan ortiq doimiy ish o‘rni ochilgan.

Prezident yangi bunyod etilgan san’at saroyini ham borib ko‘rdi. Bu yerda 255 o‘rinli tomosha zali, ko‘plab to‘garak xonalari bor. Saroy zamonaviy cholg‘u asboblari bilan ta’minlangan, ovoz yozish studiyasi, ovoz kuchaytirish moslamalari, sovitish va isitish tizimi bilan jihozlangan.

Prezident yosh ijrochilarning badiiy chiqishlarini ham kuzatdi.

- Sizlarni ko‘rib, Amir Temur bobomiz yurtida iste’dodlar ko‘pligiga yana bir bor ishonch hosil qildim. G‘ayratli bo‘lib, bilim olishdan to‘xtamasangiz, O‘zbekiston buyukligining zamini sizlar bo‘lasiz, dedi Shavkat Mirziyoyev yoshlarga qarata.

Markazda, shuningdek, bolalar maydonchalari, yashil hududlar, savdo va servis markazlari qurilmoqda.

Shu bilan Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifi yakunlandi.

Mavzuga oid