O‘zbekiston | 15:00
1875
4 daqiqa o‘qiladi

TMK – O‘zbekistonni kritik minerallar global bozorida trendga chiqarmoqda

Dunyo kamyob yer elementlari uchun raqobatga kirishgan bir vaqtda, O‘zbekiston o‘z strategik pozitsiyasini yana bir bor mustahkamladi. Kanadada bo‘lib o‘tgan Kamyob yer elementlari uyushmasining xalqaro anjumanida O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) ham ishtirok etib, rasmiy a’zolikka qabul qilindi va mamlakatimiz dunyoning eng yirik nodir yer metallari sanoati tarmog‘iga qo‘shildi.

Dunyoni qiziqtirgan kamyob yer elementlari nega bunchalik muhim?

Kamyob yer elementlari (Rare Earth Elemens) – bugungi zamonaviy texnologiyalar infratuzilmasining yuragi hisoblanadi. Elektr transport vositalari, smartfonlar, harbiy texnologiyalar, shamol turbinalari, sun’iy yo‘ldoshlar, yarimo‘tkazgichlar va hattoki kvant kompyuterlarining ishlab chiqarilishini aynan ushbu elementlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonning REIA tarkibiga kirishi nimani anglatadi?

Kamyob yer elementlari uyushmasi – 2019 yilda Bryusselda tashkil etilgan bo‘lib, asosiy vazifasi – global kamyob yer elementlari (ReYe) ta’minot zanjirini barqaror, izchil va ekologik jihatdan mas’uliyatli tarzda shakllantirishdir. Uning a’zolari orasida AQSh, Kanada, Yaponiya, Yevropaning yetakchi texnologik kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va yirik investitsiya fondlari mavjud. O‘zbekistonning mazkur assotsiatsiyaga a’zo bo‘lishi – mamlakatning kamyob yer elementlari bo‘yicha global qiymat zanjiriga chuqur integratsiyalashayotganini ifodalaydi. 

–      Bizning uyushma bu birlashish, hamkorlik va o‘zaro ishonch asosida “bir plyus birni uchga aylantira oladigan” sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish platformasidir. Aynan shunday qadriyatlar orqali biz TMK bilan hamkorlikda ishlab, kamyob yer elementlari sohasidagi global jarayonda kerakli pozitsiyani egallashiga ko‘mak beramiz, – deydi uyushma bosh kotibi Garet Hatch.

Bu a’zolik nafaqat ilg‘or texnologiyalar va ekologik standartlar transferini jadallashtirish, balki O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) uchun xalqaro kooperatsiyalar, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda TMK dunyoning 15 dan ortiq yirik kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Energy Fuels (AQSh), JOGMEC (Yaponiya), Saskatchewan Research Council (Kanada), Neo Materials kabi sanoat gigantlari bilan ilmiy-tadqiqot, texnologiya transferi va qo‘shma loyihalar yuzasidan muzokaralar olib bordi. Bu uchrashuvlar O‘zbekistonning kamyob yer metallar bozorida global o‘yinchiga aylanish yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi. Shuningdek, Kanadadagi eng nufuzli universitetlaridan biri McGill universiteti bilan ham muzokaralar olib borilib, Texnologik metallar oliy maktabi bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi. 

Xalqaro uyushmalar TMKni tanlamoqda!

TMK bugungi kunda kritik minerallar yo‘nalishiga oid bir qator uyushmalarga a’zo bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilning mart oyida Xalqaro volfram sanoati assotsiatsiyasi (ITIA)ga, aprelda Yevropa grafit va uglerod materiallari uyushmasi (ECGA) a’zoligiga qabul qilingan edi.

– Agar birgalikdagi hamkorligimiz izchil davom etsa, bu Yevropa Ittifoqi uchun strategik resurslar ta’minotida muhim o‘rin egallaydi. Ushbu platforma texnologik taraqqiyot, sanoat integratsiyasi va bilim almashinuvi borasida katta imkoniyatlar yaratadi, – deydi Yevropa grafit va uglerod materiallari uyushmasi bosh kotibi Korina Hebeshtreyt.

O‘zbekistonning bunday yirik assotsiatsiyalarga a’zo bo‘lishi – mamlakatning Markaziy Osiyo miqyosida kritik minerallar sohasida chempionlik sari dadil qadam tashlayotganini anglatadi.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid