O‘zbekiston | 14:05 / 25.06.2025
7974
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston pensiya tizimi islohotga muhtoj - XVJ

Xalqaro valuta jamg‘armasiga ko‘ra, O‘zbekistonning amaldagi pensiya tizimi islohotlarni talab qiladi. Xalqaro ekspertlar pensiya miqdorini mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromad asosida hisoblash va ayrim tashkilot kategoriyalari uchun belgilangan imtiyozli badal stavkalarini bosqichma-bosqich bekor qilish bilan bir vaqtda standart badal stavkasini oshirishni taklif qildi.  

Foto: Scanpix/ REUTERS

O‘zbekistonning amaldagi pensiya tizimi o‘rta muddatli davrda barqarorlik hamda pensiya oluvchilarga munosib nafaqa to‘lovlarini ta’minlash maqsadida isloh qilinishi kerak, deyiladi Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasining mamlakatga tashrifi yakunlari bo‘yicha tayyorlagan xulosasida.

XVJga ko‘ra, ushbu maqsadga quyidalar orqali erishish mumkin:

  • pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish;
  • ayrim tashkilot kategoriyalari uchun belgilangan imtiyozli badal stavkalarini bosqichma-bosqich bekor qilish bilan bir vaqtda standart badal stavkasini oshirish;
  • pensiya miqdorini mehnat faoliyati davomidagi o‘rtacha daromad asosida hisoblash;
  • narxlarning o‘zgarishiga qarab pensiyaning avtomatik indeksatsiya qilinish tizimini joriy etish.

Qayd etilishicha, 2024 yil dekabr oyida O‘zbekistonda pensiya islohotiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazilgan va uning doirasida konseptual hujjat tayyorlash boshlangan. Hujjatni 2025 yilning sentabrigacha mamlakat prezidentiga taqdim etish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 1 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 4,19 million kishini tashkil etadi. Ulardan 3,47 million nafari yoshga doir, 476,2 ming nafari nogironlik, 248,9 ming nafari boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini olishadi. Respublika bo‘yicha o‘rtacha pensiya miqdori 1 mln 432 ming so‘m.

2024 yilning sentabr oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaror qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 martga qadar davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilishi kerak edi.

Mavzuga oid