O‘zbekiston | 17:44 / 26.06.2025
6513
2 daqiqa o‘qiladi

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligiga yangi direktor tayinlandi

Sevara Shokirova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimiga, Hasan Shokirov esa agentlik direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi

Prezidentning tegishli qarori bilan Sevara Shokirova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.

U bunga qadar Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Uzoq yillar turli ta’lim maskanlarida mehnat qilib kelgan Sevara Shokirova 2012-2019 yillarda Filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan Davlat umumta’lim maktabida o‘qituvchi, 2019-2022 yillarda Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda direktor o‘rinbosari, 2022-2023 yillarda Toshkent shahridagi Prezident maktabida ijrochi direktor lavozimlarida ishlagan.

2023-2024 yillarda esa Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida boshqarma boshlig‘i vazifasida ish olib borgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Hasan Shokirov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U bunga qadar «Yangi O‘zbekiston» universiteti moliyaviy va ma’muriy ishlar bo‘yicha prorektori vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Hasan Shokirov 2001-2016 yillarda Moliya vazirligida mas’ul lavozimlarda, 2016-2020 yillarda Tashqi ishlar vazirligida Moliya-iqtisod boshqarmasi boshlig‘i, 2020-2022 yillarda esa Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida Moliyalashtirish va rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2022-2024 yillarda esa Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligida boshqarma boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid