Jamiyat | 09:02
4064
4 daqiqa o‘qiladi

Kredit olishga taqiq va Freeze xizmati: ularning farqi nima?

Firibgarlar birovning nomiga kredit rasmiylashtirishi holatlari uchrab turadi. Buning oldini olish uchun shu paytgacha fuqarolar kredit tarixi olinishini muzlatish imkoniyatiga ega edi. Endilikda kredit bitimi rasmiylashtirishga taqiq kiritish ham mumkin bo‘ldi. Xo‘sh, bu ikki xizmat nimasi bilan farqlanadi, ulardan qanday foydalanish mumkin? KATM mutaxassisi Mashhurbek Rahimov Kun.uz'ga batafsil tushuntirib berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘tgan yili kredit tarixi olinishiga cheklov o‘rnatish, ya’ni Freeze xizmati ishga tushirilgan edi. Yaqinda, 6 iyun kuni kredit bitimini rasmiylashtirishga taqiq qo‘yish imkoniyati ham paydo bo‘ldi.

Xo‘sh, bu ikki xizmat nimasi bilan farqlanadi, xizmat haqi qancha va ulardan qanday foydalanish mumkin? Kredit axborot tahliliy markazi (KATM) departamenti direktori o‘rinbosari Mashhurbek Rahimov Kun.uz'ga bergan izohida batafsil tushuntirib berdi.

Mashhurbek Rahimov

Uning so‘zlariga ko‘ra, biror bank yoki nobank kredit tashkilotlari kredit berishdan oldin kredit qaytmaslik riskini to‘g‘ri baholashi maqsadida mijozning ilgari olgan kreditlari tarixini ko‘rishi kerak. Freeze xizmati faollashtirilsa, shu tarixni kredit tashkilotlari KATMdan ololmaydi va tabiiyki, kredit ham ajratilmaydi.

Freeze xizmatini faollashtirib, kredit tarixingiz olinishini cheklab qo‘ygan bo‘lsangiz, kiberhujumga uchragan taqdiringizda yoki firibgarlar nomingizga kredit rasmiylashtirishga uringanida siz bundan himoyalangan bo‘lasiz. Bu xizmat – pulli. BHMning 0,03 barobari, ya’ni 13 340 so‘m to‘lovni amalga oshirganingizdan keyin, my.gov portali orqali Freeze xizmatini yoqishingiz mumkin.

Freeze orqali siz ma’lumotlaringiz maxfiyligini ta’minlashingiz mumkin. Biroq qonunchilikka ko‘ra, sizda kredit tashkiloti bilan kredit munosabati bo‘lsa, ya’ni ayni paytda nomingizda yopilmagan kredit bo‘lsa, bank kredit tarixingizni o‘rganib borishi mumkin. Ya’ni amaldagi kredit shartnomalariga ega tashkilotlar Freeze xizmati yoqilgan holatda ham kredit tarixingizni ola oladi. Bu kreditorga sizning to‘lov qobiliyatingizni monitoring qilib borish imkoniyatini beradi”, – deydi Mashhurbek Rahimov.

Kredit bitimini rasmiylashtirishga taqiq qo‘yish esa – umuman boshqa narsa. Bu xizmat joriy yil mart oyida qabul qilingan qonun asosida, iyun oyi boshida ishga tushdi. Agar bu xizmatdan foydalansangiz, kredit tashkilotlari sizning kredit tarixingizni olishi mumkin, lekin kredit ajratilmaydi.

Endilikda kredit tashkilotlari qarz berishdan oldin fuqaro o‘ziga kredit ajratilishiga taqiq qo‘yganmi-yo‘qmi, buni o‘rganish majburiyatiga ega. Taqiq aniqlansa, kredit ajratilmasligi kerak.

Bu xizmat mutlaqo bepul. Hozirda “Kredit-axborot tahliliy markazi” kredit byurosining rasmiy veb sayti infokredit.uz orqali bu xizmatdan foydalanish mumkin va u yaqin kunlar ichida my.gov portalida ham paydo bo‘ladi.

Kredit bitimini rasmiylashtirishga taqiq qo‘yish, bu – ro‘yxat. Siz bu ro‘yxatga kirsangiz, ya’ni shu xizmatni faollashtirsangiz, kredit tashkilotlari – xoh bank bo‘ladimi, xoh nobank tashkilotlar bo‘ladimi – sizga kredit ajratishi mumkin emas bo‘ladi”, – deydi KATM mutaxassisi.

Ma’lumot uchun, KATM SMS-xabarnoma xizmatini ham ishga tushirgan. Bu xabarnomani yoqtirgach, kredit tarixingiz olingani haqida SMS olishingiz, so‘ng infokredit.uz saytiga kirib, harakatlar bo‘limi orqali qaysi tashkilot olganini bilishingiz mumkin.

Mavzuga oid