Jahon | 14:35
1198
7 daqiqa o‘qiladi

Rossiya muxolifati Mersdan siyosiy mahbuslarni ozod qilishda yordam so‘ramoqda

Germaniyadagi Rossiya muxolifati vakillari Germaniya kansleridan almashish yoki o‘zaro amnistiya doirasida Rossiya qamoqxonalaridagi siyosiy mahbuslarni ozod qilishga ko‘maklashishni so‘ramoqda.

Foto: Sota (arxiv)

Germaniyada istiqomat qilayotgan rus demokratik kuchlari vakillari Germaniya kansleri Fridrix Mersga rossiyalik siyosiy mahbuslarni qamoq va koloniyalardan ozod qilishga ko‘maklashishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Rossiya muxolifati vakillarining 26 iyun, payshanba kuni chop etilgan maktubida aytiladi.

«Sizdan bugungi kunda qamoqxonalar va koloniyalardan ovozi eshitilmayotganlarni ozod qilish jarayoniga yordam berishingizni so‘raymiz. Mahbuslar almashinuvi davom etayotgan bir paytda siyosiy moddalar bilan sudlangan fuqarolarning ahvoli ancha og‘ir», — deyiladi maktubda. Murojaat tashabbuskori protoiyerey Andrey Kordochkin bo‘ldi. Unga imzo chekkanlar orasida siyosatchilar Ilya Yashin, Andrey Pivovarov, Maksim Reznik, Yelena Filina, huquq himoyachisi Olga Romanova, galerist va siyosiy texnolog Marat Gelman, adabiy tanqidchi va art-kurator Anna Narinskaya va boshqalar bor.

«Ukrainalik harbiy asirlarda qamoqda qolishning barcha dahshatlariga qaramay, bir muncha vaqt o‘tib ozodlikka chiqishga va almashtirilgandan so‘ng o‘z uyiga qaytishga nisbiy umid bor. Siyosiy mahbuslarda bunday umid yo‘q, to‘g‘rirog‘i, umid bor, ammo qisqa muddatli istiqbolda u umuman yo‘q», — deya tushuntiradi Kordochkin.

Murojaatni imzolaganlar rossiyalik siyosiy mahbuslarni ozod qilishning ehtimoliy variantlari sifatida ayirboshlash yoki o‘zaro amnistiyani keltirdi, bu esa «Ukrainadagi «rus dunyosi» tarafdorlarini ham, rossiyalik siyosiy mahbuslarni ham ozod qilishga imkon beradi».

«Albatta, biz nemislar va boshqa yevropalik siyosatchilarga kimni ozod qilish kerakligini ayta olmaymiz. Gap Ukrainadagi odamlar haqida ketmoqda, ular e’tiqodi, putinizmni, agressiv urushni qo‘llab-quvvatlagani uchun qamoqda», — deydi Kordochkin DW nashriga bergan intervyusida.

Siyosatchi Andrey Pivovarovning so‘zlariga ko‘ra, taklif etilayotgan variantni ehtimoliy almashinuv uchun «yo‘l xaritasi» deb hisoblash mumkin. «Afsuski, bu rossiyaliklar uchun ham, ukrainaliklar uchun ham unchalik qiziq bo‘lmasligi mumkin — ular uchun harbiy asirlar va o‘g‘irlanganlar muhimroq. Lekin Putin bu borada bahslasha olmaydi», — dedi Andrey Pivovarov. Uning fikricha, Kreml uchun nega o‘z tarafdorlarini Ukraina qamoqlaridan chiqarib olishdan bosh tortganini urushni qo‘llab-quvvatlayotgan «ichki vatanparvarlar» va ruslarga asoslab berishi qiyinroq bo‘ladi. «Putin urushni «rus dunyosi» uchun kurash deb ko‘rsatyapti, mana, sizning tarafdorlaringiz, kutgan odamlaringiz bor. Ularni chiqarib oling va siz tomonda qamoqda o‘tirganlarni amnistiya qiling», — deya chaqirdi Pivovarov. «Agar Ukrainada urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar boshlansa, men mahbuslar masalasi keskin bo‘lishini va muhokama qilinishini istardim», — deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.

Murojaat mualliflari, shuningdek, Germaniyaga «2024 yil avgustida rossiyalik siyosiy mahbuslarni ozod etishdagi faol ishtiroki uchun» minnatdorlik bildirdi. Gap yetti davlat ishtirokidagi mahbuslar almashinuvi haqida bormoqda. Rossiya va Belarusdagi qamoqxonalardan 16 kishi ozod qilindi. G‘arb davlatlarida 8 kishi – asosan Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari chiqarildi. Berlin markazida sobiq chechen dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Vadim Krasikovning nemis qamoqxonasidan ozod etilishi eng rezonansli hodisaga aylandi.

«O‘shanda Aleksey Navalniy o‘ldirilishidan keyin tushkunlikka tushganlarning barchasida quvonch va umid sezildi», deb yozadi murojaat mualliflari Rossiya qamoqxonalarida mingdan ortiq siyosiy mahbuslar qolayotganini va ularning soni ortib borayotganini ta’kidlab. «Ma’lumki, bu mahbuslarning ko‘pchiligi qiynoqlarga duchor bo‘lmoqda. Ular jazo kameralarida g‘ayriinsoniy sharoitlarda ushlab turilib, muntazam ravishda tunda o‘z ism-sharifi va jinoiy moddani ko‘rsatish talablari bilan uyg‘otiladi», deb eslatadi xat mualliflari. Ularga ko‘ra, «Rossiyadagi jazo tizimi Stalin davridagidek bo‘lib, nafaqat izolyatsiyaga, balki mahbuslar shaxsini deformatsiya qilishga qaratilgan».

Avvalgi almashinuv ham, yaqinda Belarusda muxolifatchi Sergey Tixanovskiyning AQSh ishtirokida ozod etilishi ham G‘arb siyosatchilari Minsk va Moskvadagi rejimlarga ta’sir o‘tkazishning real usullariga ega ekanini ko‘rsatmoqda, deb hisoblaydi protoiyerey Andrey Kordochkin. «G‘arbda buning mexanizmi bor, gap buning uchun iroda bor-yo‘qligida», deydi u DW nashriga. «Biz Germaniyaga murojaat qilmoqdamiz, chunki biz shu yerdamiz va ular qiziqish bildirgan. Biz buni o‘tgan yili almashuv paytida ko‘rdik. Ular befarq emas, ular bilan muloqot davom etishi mumkin va davom etishi kerak», — deydi Kordochkin.

«Biz zamonaviy Rossiyada dahshatli siyosiy arxitekturaning asosiy xususiyatlarini ko‘ryapmiz, — deb davom etadi murojaat mualliflari. Ular shaxsiy huquq va erkinliklarni inkor etish, urush va qahramonlarcha o‘limga sig‘inish, boshqa xalqlar va madaniyatlardan o‘z ma’naviy ustunligi, dinni militarizatsiya qilish, yetakchini ulug‘lash va boshqalarni jinoiy ta’qib etishni misol sifatida keltirgan.

«Bizning maktubimizning o‘ziga xos jihati shundaki, agar XX asrdagi mamlakat tarixi haqida gapiradigan bo‘lsak, Germaniyada bo‘lishimiz bizga biroz boshqacha nuqtayi nazar beradi. Siyosiy arxitekturadagi barcha farqlarga qaramay, Germaniyadagi totalitarizm bilan bugungi Rossiyadagi avtoritarizm o‘rtasidagi parallellikni ko‘rmaslik uchun ko‘r bo‘lish kerak», — deya tushuntirdi Kordochkin DW nashriga.

«Bularning barchasi Germaniya tarixining XX asrdagi eng mudhish sahifalarini hayotga qaytaradi», — deydi Rossiya muxolifati vakillari Mersga murojaatda. «Rossiyalik siyosiy mahbuslarning ozod etilishi nafaqat Rossiyaning erkin demokratik kelajagiga, balki Yevropa va butun dunyo xavfsizligiga ham hissa qo‘shadi. Ular qamoqda ekan, Rossiya va qo‘shni xalqlar o‘rtasida urushni tugatish va yarashish imkonsiz bo‘lib qoladi», deb xulosa qiladi maktub mualliflari.

Mavzuga oid