O‘zbekiston | 15:47 / 27.06.2025
1834
2 daqiqa o‘qiladi

Fitch O‘zbekiston suveren reytingini «BB-»dan «BB»ga o‘zgartirdi

Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston kredit reytingini «BB-»dan «BB» darajasiga oshirdi. Bu o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sish barqarorligi va tarkibiy ko‘rsatkichlarining doimiy yaxshilanish kutilmalari bilan bog‘liq.

Foto: Getty Images

Fitch xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston kredit reytingini «BB-» dan «BB» darajasiga oshirdi.

Agentlik o‘z qarorini islohotlar jadalligi va o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sish barqarorligi tufayli makroiqtisodiy xavflarning jilovlanishi va tarkibiy ko‘rsatkichlarining doimiy yaxshilanish kutilmalari bilan izohlagan.

Asosiy islohotlar sifatida Fitch quyidagilarni ajratib ko‘rsatadi:

  • pul-kredit siyosatiga ishonchni oshirish va uning transmission mexanizmini yaxshilash chora-tadbirlari;
  • xususiylashtirish rejalarini ilgari surish;
  • davlat institutlarining shaffofligini oshirish.

2024 yilda energiya tariflarini erkinlashtirish va subsidiyalarni qisqartirish kutilganidan yaxshiroq fiskal natijalarga erishishga yordam bergan. Agentlikning qayd etishicha, ushbu siyosat budjetning barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, davlat budjeti defitsiti YaIMning 3 foiz darajasida bo‘lib, rejalashtirilgan 4 foizdan kamroq shakllangan.

Shuningdek. davlat qarzining past darajasi, salmoqli tashqi va fiskal zaxiralar, iqtisodiy o‘sishning yuqori salohiyati mamlakatning kuchli tomonlari sifatida e’tirof etilgan.

O‘z navbatida reytingning pasayishi xomashyo narxlarining doimiy arzonlashuvi sababli tashqi savdo taqchilligining oshishi yoki pul o‘tkazmalarining kamayishi, xalqaro zaxiralarning sezilarli darajada qisqarishi, past iqtisodiy o‘sish, budjet taqchilligining oshishi, valuta kursining keskin qadrsizlanishi yoki davlat shartli majburiyatlarining hukumat tomonidan qoplanishi tufayli davlat qarzining keskin oshishi holatlarida yuz berishi mumkin.

Avvalroq, S&P va Moody’s kabi xalqaro agentliklar ham O‘zbekiston kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgartirgandi.

Mavzuga oid