Jahon | 17:55 / 30.06.2025
3729
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistondagi Boeing Dreamliner halokatiga sabotaj sabab bo‘lishi mumkin

Ikkala dvigatelning bir vaqtda to‘xtab qolishi g‘ayritabiiy hodisa ekani ta’kidlanmoqda.

Foto: AFP/Getty Images

Havo hodisalarini tekshirish byurosi (AAIB) Hindistonda Air India aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti halokatiga ehtimoliy sabablardan biri sabotaj bo‘lishi mumkin dedi. Bu haqda NDTV telekanaliga fuqaro aviatsiyasi vaziri Murlidxar Moxol ma’lum qildi.

«AAIB hodisaning turli sabablarini, jumladan, ehtimoliy sabotajni tekshirmoqda. Videokameralar tasvirlari tekshirilmoqda va barcha nazariyalar baholanmoqda... Bu borada bir nechta idoralar ishlamoqda», dedi u.

Moxolning qo‘shimcha qilishicha, hozir tergov idoralari halokatga uchragan samolyotning qora qutisidagi ma’lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganmoqda. Hindiston qora quti ma’lumotlarini olish uchun xorijlik mutaxassislardan yordam so‘ramaydi va uni xorijga yubormaydi.

The Times of India nashriga bergan intervyusida janob Moxolning aytishicha, samolyotning ikkala dvigateli ham havoga ko‘tarilganidan bir necha soniya o‘tib to‘satdan to‘xtab qolgani sababli sabotaj nazariyasi paydo bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalar ilgari uchramagan.

16 iyun kuni American Airlines kompaniyasining aviatsiya bo‘yicha mustaqil eksperti Stiv Shrayber ikkala dvigatelning ham bir vaqtda to‘xtab qolgani g‘ayritabiiy hodisa ekanini aytgan edi. Boshqa tahlilchilar halokatga dvigatel elektr tizimining nosozligi sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladir, chunki Boeing 787 Dreamliner funksiyalarining aksariyati elektr tizimlari tomonidan bajariladi.

12 iyun kuni Hindiston g‘arbidagi Ahmadobod aeroporti yaqinida Boeing 787 Dreamliner halokatga uchradi. Samolyot havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay turar-joy hududidagi tibbiyot kollej yotoqxonasi binosiga quladi. Kamida 290 kishi halok bo‘ldi, 60 nafardan ortig‘i jarohat oldi. Samolyot yo‘lovchilaridan faqat bir kishi tirik qoldi.

Mavzuga oid