Ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilyapti
O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdisini amalga oshirishda naqd puldan voz kechish rejalashtirilyapti. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, bu yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan.

Foto: Kun.uz
Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha barcha operatsiyalarni faqat banklar orqali naqd pulsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
«Ko‘plab davlatlar 2030 yilgacha naqd pulsiz hisob-kitoblarga to‘liq o‘tishni maqsad qilib qo‘ygan. Shuningdek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalardan boshlab yirik to‘lovlarni naqd pulsiz shaklga o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Hozirda uy-joy oldi-sotdisi asosan naqd pulda amalga oshirilmoqda. Yangi qoidalarga ko‘ra, to‘lovlar faqat banklar orqali, qonuniy shaklda amalga oshiriladi», - dedi Mirzayev.
Uning ta’kidlashicha, bu chora yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan. Qaror loyihasi allaqachon barcha vazirlik va idoralar bilan kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabridagi Senat yalpi majlisida iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi YaIMga nisbatan 25 foizdan 45 foizgacha yetishi mumkinligini aytib o‘tgandi.
«Qaysi tarmoqlarda yashirin iqtisodiyot eng yuqori deb aytadigan bo‘lsak, bular: qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalari» degandi vazir.
2024 yilning boshida prezident Shavkat Mirziyoyev ham O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot muammosi eng dolzarb masala ekanini ta’kidlagandi.
Davlat rahbariga ko‘ra, xizmatlarda 140 trln so‘m, qurilishda 50 trln so‘m, sanoatda 40 trln so‘m mahsulot «soyada» qolmoqda. Agar ular joyida bo‘lsa, bu orqali YaIMga 135 trln so‘m, davlat budjetiga esa 30 trillion so‘m miqdorida tushum qilish mumkin.
Mavzuga oid

11:39 / 20.06.2025
Latviya Rossiya va Belarus fuqarolariga ko‘chmas mulk sotib olishni taqiqladi

16:00 / 19.06.2025
Malayziya ko‘chmas mulk kompaniyasi O‘zbekistonga investitsiya kiritmoqchi

10:50 / 12.06.2025
Ko‘chmas mulk obektlari savdosi tartibi o‘zgardi

12:42 / 23.05.2025