Termizda 219 tup daraxt noqonuniy kesildi
Qimmatbaho va kamqimmatli daraxtlarning noqonuniy kesilishi oqibatida o‘simlik dunyosiga juda katta miqdorda ekologik va iqtisodiy zarar yetkazilgan.

Foto: Pixabay / Herbert2512
Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridagi «Do‘stlik» mahallasida 219 tup daraxt, jumladan eldor qarag‘ayi, vergin archasi, sharq biotasi, chinor va boshqa navlar noqonuniy tarzda kesib tashlangani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, hududda ko‘p qavatli turar-joy majmuasi qurilishi dastlab «Gigant Tosh Qurilish» MChJ, keyinchalik esa ushbu obektni meros qilib olgan «Developments Rest» MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qurilish uchun ajratilgan yer maydonida 356 tup daraxt bo‘lib, ular 2025 yil mart oyida viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislari tomonidan rasmiy xatlovdan o‘tkazilgan. Qurilish ishlari boshlanishidan avval jamoatchilik eshituvlari ham tashkil etilgan, mavjud daraxtlarni ko‘chirish rejalashtirilgan. Korxonalar tomonidan daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha yuborilgan so‘rov viloyat Ekologiya boshqarmasi daraxt ko‘chirish mavsumi emasligi sababli rad etilgan.
Biroq, belgilangan tartib va hujjatlarsiz, iyun oyida hududdagi 219 tup daraxt, jumladan eldor qarag‘ayi, vergin archasi, sharq biotasi, chinor va boshqa navlar noqonuniy tarzda kesib tashlangani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, qimmatbaho va kamqimmatli daraxtlarning noqonuniy kesilishi oqibatida o‘simlik dunyosiga juda katta miqdorda ekologik va iqtisodiy zarar yetkazilgan. Uning miqdori xabarda keltirilmagan.
Holat bo‘yicha tegishli hujjatlar viloyat prokuraturasiga huquqiy baho berish uchun taqdim etilgan.
Mavzuga oid

15:39 / 29.06.2025
Termizga tushgan snaryadlar: Ularni kim otgani aniq bo‘ldi

23:30 / 24.06.2025
Surxondaryo viloyati FVBga yangi boshliq tayinlandi

15:19 / 13.06.2025
Termiz va Peshovar o‘rtasida birodarlashgan shaharlar maqomi o‘rnatiladi

21:16 / 11.06.2025