Jahon | 21:25 / 30.06.2025
11684
10 daqiqa o‘qiladi

Yekaterinburgdagi reyd va Bokuning javobi. Voqealar rivoji

Yekaterinburgda yigirma yil oldingi qotillik tufayli Ozarboyjon diasporasi vakillarini qo‘lga olish uchun reyd o‘tkazildi. Ikki kishi qo‘lga olish chog‘ida jon bergan, yetti kishi hibsga olingan. Boku avvaliga Rossiya bilan bog‘liq madaniy tadbirlarni bekor qildi, keyin «Sputnik Ozarboyjon» ofisida tintuv o‘tkazilib, ikki kishi qo‘lga olindi.

Yekaterinburg sudi tergov 2001-2011 yillarda ozarboyjon diasporasi vakillarini o‘ldirish va suiqasd qilishda gumon qilgan yetti kishini tergov izolyatoriga tashlash haqida hukm chiqardi. Mahalliy nashrlar xabar berishicha, shu kunlarda shaharda kelib chiqishiga ko‘ra ozarboyjonlik bo‘lgan guruh vakillarini qo‘lga olish bo‘yicha reyd o‘tkazilgan, bu xavfsizlik kuchlari tomonidan kuch ishlatilishi bilan kechgan. Gumonlanuvchilarning ikki nafari qo‘lga olish vaqtida vafot etgan, qolganlari kaltaklash izlari bilan sudga olib ketilgan. Ozarboyjon Rossiyadan xavfsizlik kuchlarining reyd paytidagi harakatlarini tekshirishni talab qilmoqda va allaqachon mamlakatda Rossiya tomonidan rejalashtirilgan barcha madaniy tadbirlarni bekor qilmoqda va «FXX josuslari»ni qo‘lga olmoqda. Quyida aka-uka Safarovlar ishi bo‘yicha asosiy ma’lumotlar keltiriladi.

Yekaterinburgdagi reyd

2025 yil 27 iyun kuni Yekaterinburgda kelib chiqishiga ko‘ra Ozarboyjondan bo‘lganlar ommaviy tarzda qo‘lga olinishi kuzatildi: 2001–2011 yillarda sodir etilgan qotilliklar va suiqasdlarga aloqadorligi tekshirilishi uchun 50 ga yaqin kishi Tergov qo‘mitasiga yetkazilgan.

Ikki asosiy gumonlanuvchi, aka-uka Guseyn va Ziyaddin Safarov qo‘lga olish harakatlari vaqtida vafot etgan, ularning yuragidagi muammolari bo‘lgani aytilgan. E1 nashri xabariga ko‘ra, ular qo‘lga olish chog‘ida o‘zini yomon his qila boshlagan. Yana uch kishi shifoxonaga tushib qolgan, ulardan biri – Kamol Safarov – jonlantirish bo‘limida qolmoqda. Nashrning ta’kidlashicha, bu ish jami 15 kishini qamrab olgan, ular orasida Safarovlar oilasining to‘qqiz vakili, shuningdek Ahliman Ganjiyev va Aziz Abbosov ham bor.

Keyingi kuni Tergov qo‘mitasining Sverdlovsk oblasti bo‘yicha boshqarmasi «etnik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgani»ni e’lon qildi. Uning a’zolariga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, buyurtma asosida odam o‘ldirish va suiqasd qilish holatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar 2001 yil may oyida «Kaspiy» kafesi (aka-uka Safarovlarga tegishli) yonida pichoqlanishi oqibatida shifoxonada vafot etgan, kelib chiqishiga ko‘ra Ozarboyjondan bo‘lgan yekaterinburglik Yunis Pashayev o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanmoqda. Shahardagi E1 nashri yozishicha, o‘shanda tergovchilar aka-uka Safarovlarga ayblov e’lon qila olmagan, lekin Pashayev jon berishidan oldin ularni ko‘rsatishga ulgurgandi.

E1 xabariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Yekaterinburgda yashovchi yana bir asli ozarboyjonlik Fehruz Sh.ga 2011 yil may oyida uyushtirilgan suiqasdda ham gumonlanmoqda. O‘shanda tergov ijrochini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgandi (u hozirda qamoq muddatini o‘tamoqda), ammo buyurtmachilarga yetib bora olmagandi. Nashrning yozishicha, ishdagi uchinchi epizod 2011 yil yozida shahardagi sabzavot bazalaridan birining egasi Ikrom Gadjiyev o‘ldirilishi bilan bog‘liq.

RIA Novosti esa Yekaterinburgda qo‘lga olingan ozarboyjonliklar 2021 yilda ro‘y bergan, alkogoldan ommaviy zaharlanish holati bilan bog‘liqligi haqida xabar tarqatdi.

O‘shanda Yekaterinburgdagi savdo pavilyonlarida sotilgan alkogol mahsulotlari partiyasida normadan oshiq konsentratsiyada metanol aniqlangan. Bu mahsulotlarni iste’mol qilish oqibatida 51 kishi zaharlanib, shundan 44 kishi halok bo‘lgan. Ish bo‘yicha yetti kishi qamalgandi (6,5 yilgacha).

Bundan tashqari, qo‘lga olingan shaxslar shaharda qalbaki sigaretalar sotiladigan kioskalarga egalik qilgan. RIA Novosti manbasi aytishicha, ular 1990-yillardan boshlab jinoiy faoliyat (giyohvand moddalar sotish, qimor o‘yinlarini noqonuniy tashkil etish, fohishabozlik va pornografik materiallar tarqatish) bilan shug‘ullanib kelishgan.

Mazahir Safarov

2025 yil 29 iyun kuni Yekaterinburgning Lenin rayon sudi ishdagi yetti figurantni tergov izolyatoriga yubordi. Ulardan biri – Mazahir Safarovning advokati jurnalistlarga qo‘lga olish chog‘ida mijozining qovurg‘alari singanini aytdi. Yana bir gumonlanuvchi Ayoz Safarov esa sudda yuzida kaltak izlari bilan ko‘rinish bergan. U «qo‘lga olinishidan oldin yiqilgani»ni aytgan.

Ayoz Safarov

Ozarboyjondagi Oxu.Az nashri ish doirasida guvoh maqomida qo‘lga olingan Ramil va Muhammad Safarovning ham tanasida ko‘karishlar aks etgan fotosuratlarni tarqatgan.

Bokuning javobi

Ozarboyjon tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Yekaterinburgdagi ozarboyjonliklarning uylariga uyushtirgan reydlarini «yo‘l qo‘yib bo‘lmas zo‘ravonlik» deb atadi. «Biz Rossiya tomonidan ushbu ish bo‘yicha zudlik bilan tergov o‘tkazilishini va ushbu nomaqbul zo‘ravonlik harakatida aybdorlar imkon qadar tezroq javobgarlikka tortilishini kutmoqdamiz», – deyiladi TIV xabarida.

28 iyun kuni vazirlik Rossiya elchixonasining muvaqqat ishlar vakili Pyotr Volokovichni chaqirtirib, unga «qat’iy protest» bildirdi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova hibsga olinganlar Rossiya fuqarolari ekanini aytib chiqdi. O‘sha kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin vazirlikning Sverdlovsk bo‘limiga ozarboyjonliklarning ommaviy hibsga olinishi va ikki gumonlanuvchining o‘limi haqida hisobot tayyorlashni topshirdi.

Bu voqealar ortidan mamlakat Milliy majlisi deputatlari delegatsiyasi Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning 23-yig‘ilishida ishtirok etishdan bosh tortdi. Ozarboyjon madaniyat vazirligi esa Rossiya ishtirokidagi barcha madaniy tadbirlar, jumladan, konsertlar, festivallar, spektakllar, ko‘rgazmalarni bekor qilish haqida qaror chiqardi.

Vazirlikning OAVga ma’lum qilishicha, bu «Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg oblasti hududida etnik kelib chiqishiga ko‘ra ozarboyjon bo‘lganlarga nisbatan sodir etilgan qasddan va suddan tashqari qotilliklar va zo‘ravonlik harakatlari»ni hisobga olgan holda amalga oshirilgan. Xabarda Rossiyada bunday holatlar tizimli tus olgani ta’kidlangan.

30 iyun kuni tushdan keyin Ozarboyjon Ichki ishlar vazirligi «Sputnik Ozarboyjon» axborot agentligi ofisida tintuv o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, bino huquq-tartibot idoralari tomonidan nazoratga olingan. Politsiya tintuv tafsilotlarini keyinroq oshkor qilishga va’da berdi.

Qafqazinfo nashri yozishicha, «Rossiya segodnya» targ‘ibot media guruhi tarkibiga kiruvchi «Sputnik Ozarboyjon» agentligi faoliyati Ozarboyjonda fevral oyidayoq rasman to‘xtatilgan edi. Biroq tahririyat bu qarorni bajarmagan, ofis o‘z faoliyatini davom ettirgan va agentlik xodimlari ishga chiqishda davom etgan.

Mahalliy APA va Vesti.Az nashrlari yozishicha, tintuv vaqtida ozarboyjonlik tergovchilar Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) ushbu agentlikda ishlovchi ikki xodimini qo‘lga olgan. Ular bosh muharrir Igor Kartavix va muharrir Yevgeniy Belousovdir. Bu ma’lumot hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Buzilgan munosabatlar

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yilning dekabr oyida Rossiya havo hududida Ozarboyjonning AZAL aviatashuvchisiga tegishli yo‘lovchi samolyoti urib tushirilgandan so‘ng yomonlasha boshladi. Samolyot Bokudan Grozniyga parvoz qilgan va Qozog‘istonning Oqtov aeroportiga favqulodda qo‘nish chog‘ida halokatga uchragan.

O‘shanda Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bir nechta keskin bayonotlar berib, halokatda aybni Rossiya vakillariga yuklagandi, u samolyotga yerdan zarba berilishi natijasida shikast yetkazilgani va radioelektron kurash vositalari yordamida boshqarib bo‘lmaydigan holatga keltirilganini aytgandi.

«Ishonch bilan aytishim mumkinki, ushbu falokatda Ozarboyjon fuqarolari halok bo‘lishida Rossiya Federatsiyasi vakillarining aybi bor», degandi Aliyev.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Aliyev bilan telefon orqali suhbatda sodir bo‘lgan voqea uchun uzr so‘radi, biroq aybni tan olish haqida ham (garchi u havo hujumidan mudofaa ishini tilga olgan bo‘lsa-da), tovon puli haqida ham gap bo‘lmadi.

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya fuqarolariga mamlakatda bo‘lish ruxsatnomasini ikki baravarga - bir yil davomida 90 kungacha qisqartirdi.

Fevral oyida Ozarbayjon hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan Yevgeniy Primakov boshchiligidagi Rossotrudnichestvo loyihasi - «Rus uyi»ni yopdi. Mahalliy matbuot o‘sha paytda yozganidek, Ozarboyjon rasmiylari «tashqi aralashuvga ortiq toqat qilishni istamaydi». Rasmiy ravishda Ozarboyjon rasmiylari buni «Rus uyi»ning ro‘yxatdan o‘tmagani bilan izohladi.

Mavzuga oid