Jahon | 12:23 / 01.07.2025
1568
3 daqiqa o‘qiladi

Liviya qirg‘oqlari yaqinida Vilamoura tankeri bortida portlash sodir bo‘ldi

Aprel oyidan beri Vilamoura tankeri Rossiya neft terminallariga ikki marta kirgan. Portlash vaqtida u bir million barrel neftni olib ketayotgan edi, deb yozadi Bloomberg.

Foto: Michael van der Meer/Marine Traffic

30 iyun, dushanba kuni Bloomberg xabariga ko‘ra, Liviya qirg‘oqlari yaqinida bir million barrel neft olib ketayotgan Vilamoura tankeri bortida portlash yuz berdi. Kema Gretsiyaning TMS Tankers kompaniyasiga tegishli. Uning vakili so‘zlariga ko‘ra, portlash natijasida kemada yoriq paydo bo‘lgan va tankerning mashina bo‘linmasi suv ostida qolgan. Neft sizib chiqmagan, ekipaj jabrlanmagan. Portlashning aniq sabablari hali aniqlanmagan, kema zararni baholash uchun Gretsiyaga olib ketilmoqda, deya ta’kidladi TMS Tankers.

Kuzatuv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval Vilamoura tankeri Qozog‘iston neftini yuklash uchun ikki marta Rossiya neft terminallariga kirgan. Aprel oyida — Leningrad viloyatidagi Ust-Luga portiga, may oyida — Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlari konsorsiumining terminaliga. Kema bortida portlash Liviyaning Zeytina portidan Gibraltar tomon reys paytida sodir bo‘lgan.

Dengizdagi xavflarni baholovchi Vanguard Tech kompaniyasi tahliliga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri Rossiya portlariga avvalroq kirgan kemalar bilan kamida to‘rtta shunga o‘xshash hodisa qayd etilgan. Shundan so‘ng kema egalari g‘avvoslar va suvosti transport vositalari yordamida kemalari korpusida portlovchi moslamalar bor-yo‘qligini tekshirishni boshladi, deb yozadi Bloomberg.

Bunday hodisalar qatorida: fevral oyida Liviya qirg‘oqlari yaqinida Grace Ferrum tankerida, Italiyaning Savona shahrida Seajewel kemasida va yanvar oyida Turkiyaning Jayhan porti yaqinida Seacharm tankeridagi portlashlar bor. Seajewel va Seacharm kemalarini Gretsiyaning Thenamaris kompaniyasi, Grace Ferrum'ni esa Kiprning Cymare kompaniyasi boshqargan. 9 fevral kuni Ust-Lugada 130 ming tonna mazut ortilgan Koala tankeri mashina bo‘linmasidagi portlashlar tufayli qirg‘oqda qolib ketgan edi. Kema Greenpeace ekologik tashkiloti tomonidan tuzilgan Rossiyaning «soyadagi floti» ro‘yxatiga kiritilgan.

Mavzuga oid