O‘zbekiston | 17:49 / 01.07.2025
5567
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Stroy gorod» qurilish bozori vaqtincha yopildi

Uchtepa tumanidagi «Stroy gorod» qurilish bozori yong‘inga qarshi kamchiliklar va qonunbuzilishlar sabab sud qarori bilan vaqtincha yopildi. FVV tegishli kamchiliklar bartaraf etilgandan so‘ng bozor faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi.

Foto: Telegram / Tashkent_Land

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi Toshkent katta halqa avtomobil yo‘lida joylashgan «Stroy gorod» qurilish bozori elektr energiyasidan o‘zboshimchalik bilan uzilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy izoh berdi.

Izohda bozordagi voqea elektr ta’minotiga bog‘liq emasligi qayd etilgan. Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2025 yil 13 iyunda chiqarilgan hal qiluv qaroriga muvofiq, «OZIQ-OVQAT STANDART KARTON» MChJga tegishli savdo binolari va xonalarida aniqlangan yong‘inga qarshi kamchiliklar va qonunbuzilishlar to‘liq bartaraf etilgunga qadar, mazkur bozorda ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatish belgilangan.

Shunga ko‘ra, 2025 yilning 27 iyun kunidan boshlab «OZIQ-OVQAT STANDART KARTON» MChJga qarashli qurilish mahsulotlari bozori Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan vaqtincha yopildi. Bu chora ko‘rilgancha bozordagi yong‘inga qarshi qoidalarga rioya etilishi va kamchiliklar to‘liq bartaraf etilishi ta’minlanishi zarur.

Fuqarolardan asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslik so‘ralgan. Agar Toshkent shahar FVB xodimlarining faoliyatida noqonuniy yoki korrupsion holatlarga guvoh bo‘linsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining 1101 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib xabar berish mumkin. Xabar bergan fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari sir saqlanishiga kafolat beriladi.

Mavzuga oid